Milliarder Alisher Usmonovga tegishli «Metalloinvest» holdingi 2022 yilning yanvarida Moskva shahrining Vorobev shossesida joylashgan Safisa restoranini «Vi Holding» prezidenti Vitaliy Mashchitskiydan sotib olgan edi. Oradan 7 oy muddat o‘tgach, u qayta sotuvga qo‘yilgan.

Spot.uz nashrining xabar berishicha, restoranning yangi egalari «PVS i IAM» asoschilari, biznesmenlar Vachagan Petrosov (70%) va Azik Ilishayev (30%) bo‘ldi.

Mazkur banket zal 2005 yilda Cherkizovskiy bozorining sobiq egasi Telman Ismoilov tomonidan qurilgan. Moskvadagi eng mashhur banket zallaridan biri 3000 dan ortiq tadbirlarga mezbonlik qilgan, unda 100 dan ortiq yulduz san’atkorlar chiqish qilgan.

Billur qandillar, marmar pollar va zarhal zinapoyalarga ega ikki qavatli qasrda siyosiy bayramlar nishonlanadi va Forbes ro‘yxatidagi milliarder oilalarning bazmlari o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Usmonov Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlari sababli boshqa rossiyalik milliarderlar qatorida G‘arb sanksiyalariga duch kelgan edi. Forbes nashri tadbirkor o‘z asosiy e’tiborini o‘z vatani — O‘zbekistonga qaratmoqda, deya xabar bergan.