Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 1044 ta holatda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Biznes-ombudsman matbuot xizmati xabar qildi.

Shundan 815 tasi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirish o‘tkazish qonunchiligi talablari buzish bilan bog‘liq. Hududlar kesimida, Jizzax (660 ta), Sirdaryo (28 ta), Andijon (27 ta), Farg‘ona (20 ta), Samarqand (10 ta), Toshkent (8 ta), Buxoro (7 ta) va Xorazm (3 ta) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (52 ta) shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Misol uchun inspeksiyaning Xorazm viloyati Urganch tumani bo‘limi xodimi tomonidan «Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi»da ro‘yxatdan o‘tkazmasdan, 2022 yil 29 mart kuni «Quvondiq Sardor Salimboy» fermer xo‘jaligida tekshirish o‘tkazilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqishda 198 ta holatda huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan.

«Andijondonmahsulotlari» AJning 2021 yil 26 oktabrdagi murojaatiga inspeksiyaning Andijon viloyati boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan kunga qadar javob berilmagan. Bundan tashqari, 31 ta holatda tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonunchilik talablari va belgilangan muddatlarga amal qilinmagan, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 142 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ularni kelgusida yo‘l qo‘yilishini oldini olish hamda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.