Iyul oyida Interpol tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar berdi byuroning matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, qidiruvda bo‘lgan shaxs 2021 yilning yozida Telegram tarmog‘ida guruh tuzdi va uning ishtirokchilarini ikki baravar daromad olishga qiziqtirib, firibgarlik yo‘li bilan ularni plastik kartaga pul o‘tkazishga ko‘ndirgan. Shundan so‘ng, va’dasini bajarmasdan, o‘zgalarning pullarini o‘zlashtirib olib, qochib ketgan.

Axborot ta’minoti va tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchining yashiringan joyi aniqlanib, Sankt-Peterburg shahrida qo‘lga olindi.

Hozirda munosib jazoga tortilishi uchun sudga topshirish maqsadida O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi kutilmoqda.

JKda ko‘rsatilgan moddalar asosida qo‘lga olingan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.