O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi yakunida Makka shahrida bo‘lib, umra amallarini bajardi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari Islom dini arkonlariga muvofiq ehromga kirib, namoz o‘qidi, talbiya aytib, Masjidul Haramga bordi.

«Ka’batullohning ichiga kirish musulmonlar orzu qiladigan ulug‘ sharafdir. Prezident ana shunday sharafga muyassar bo‘lib, Ka’batullohning ichida namoz o‘qidi», — deya qayd etiladi matbuot xizmati xabarida.

Shavkat Mirziyoyev Baytulloh atrofida yetti bor tavof, Safo va Marva tepaliklari orasida yettita sa’y qildi.

Mamlakat delegatsiyasi a’zolari, ulamo va ziyolilar bilan birgalikda yurtga tinchlik va taraqqiyot, o‘zbek xalqiga salomatlik va farovonlik tilab duolar o‘qidilar.

Foto