Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida ikkita arxeologik yodgorlikka ziyon yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida joylashgan X-XII asrlarga oid «Chordangitepa» arxeologiya yodgorligining bir qismi fuqaro M.F. tomonidan buzib tashlanib, o‘rnida uy-joy qurib yuborilgani va davlat manfaatlariga 315 mln so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, Samarqand tumanidagi VI-VII asrlarga oid «Nomsiztepa» arxeologiya yodgorligi bir qismi noma’lum shaxslar tomonidan buzilishi oqibatida, davlat manfaatlariga 1,5 mlrd so‘mlik juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Tekshirish natijalariga ko‘ra, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida «O‘rdatepa» va «Gaistontepa» arxeologik yodgorliklari vayron qilingani, Uychi tumanida esa «Uychi manzilgohi (BT-3)» arxeologik yodgorligida tadbirkor ko‘p qavatli uy qurgani, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Xo‘jakenttepa arxeologik yodgorligi hududida dala hovli qurilayotgani va boshqa holatlar haqda xabar berilgan edi.