O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Samarqand viloyati hokimligi tasarrufidagi Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida joylashgan «Zarafshon» milliy tabiat bog‘i Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimiga o‘tkazildi. Bu haqda 10 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi [442-son] qarori qabul qilindi.

Umumiy maydoni 2426,2 gektar bo‘lgan bog‘ni topshirish ishlari bo‘yicha komissiya tuzilgan va uning rahbari, bir vaqtda Ekoqo‘mita raisi Narzullo Oblomurodov bog‘ning mol-mulklari, obyektlari va yovvoyi hayvonlarini xatlovdan o‘tkazadi.

Ekoqo‘mita 3 oy ichida bog‘ bo‘yicha nizom ishlab chiqadi va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga 1 noyabrgacha Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi va viloyat hokimligi birgalikda bog‘dagi Buxoro bug‘ularini yaxlit saqlash va Zarafshon daryosidagi suv sathi pasayishi sababli kelib chiqadigan muammolarga yechim sifatida takliflar kiritishi kerak.

Tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan targ‘ibot va davlat ekologiya nazorat ishlari kuchaytiriladi. Shuningdek, Fanlar akademiyasi «Zarafshon» milliy tabiat bog‘i hududida tabiiy obyektlar monitoringini yuritib, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishi belgilandi.

Zarafshon bog‘i yetti hududga bo‘lingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchta hudud sayyohlarni qabul qiladigan maskan sifatida tanlab olingan. Ular uchun yayov yurish, mashinada aylanish, velosipedda sayr qilish, otda yurish marshrutlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatiladi.

Zarafshon bog‘idagi Buxoro bug‘ulari. Foto: Jomboy tumani hokimligi

Bog‘ning birinchi bo‘limi, ya’ni 4 kilometr qismi yayov yuradigan manzil. Marshrut kirish darvozasidan boshlab turangazor ichidan Zarafshon daryosigacha olib boradi. Shu jarayonda Buxoro bug‘ulari va Zarafshon tillarang qirg‘ovuli parvarishxonasi, ko‘chatchilik tajriba maydonlariga borish mumkin. Mashina, velosiped va otda yurish yo‘llari bo‘lim nozirlari hamrohligida bo‘ladi.