O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda oila kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarni rad etdi. Unda nikohni qayd etishdan oldin ro‘yxatga olish idorasiga ariza topshirgandan boshlab beriladigan bir oylik muddatni bekor qilish taklif qilingandi.

Mazkur bir oylik muddatni bekor qilish taklifining tashabbuskori Adliya vazirligi hisoblanadi. Tegishli loyiha jamoatchilik muhokamasiga aprel oyida qo‘yilgandi. «Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qo‘yadi, FHDYO va sog‘liqni saqlash organlarida qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etadi», — deyilgandi vazirlik bayonotida.

Senatorlar bu muddat yosh turmush qurganlarni oilaviy hayotga tayyorlash va ajralishlar soni kamayishiga imkon beradi degan fikrda ekanliklarini ma’lum qilishdi.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Diloram Tashmuxamedova qo‘mita 2020 yilda ushbu masala yuzasidan so‘rov yuborganini eslatib o‘tdi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish «oilaning salomatligi va mustahkamligi, bepushtlik, irsiy va genetik kasalliklarning oldini olish va sog‘lom bola tug‘ilishi nuqtai nazaridan muhimdir», dedi u.

«Afsus, hali hanuz bu masalada yoshlarning va ota-onalarning munosabati ham jiddiy emas. Ba’zida tibbiy ko‘rikdan o‘tmaslik holatlari ham mavjud. Qo‘mita yig‘ilishida ham qayt etganmiz, joylarda tibbiy ko‘rik formal o‘tkaziladi, shifokorlar, ayniqsa, psixiatr, norkologlar yetishmaydi, moddiy-texnik bazada muammolar bor, zamonaviy tibbiy uskunalar yo‘q. Afsuski, tibbiy-genetik maslahatlar bilan butun respublika to‘liq qamrab olinmagan», — dedi u.

Uning aytishicha, Vazirlar Mahkamasi bu muammolarga javob bergan, biroq unda ko‘rsatilgan chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmagan.

Senator sog‘liqni saqlash sohasidagi rahbarlardan birining ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, 2021 yilda 910 ming yangi chaqaloq dunyoga kelgan bo‘lsa (Statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida esa 905,2 ming), shundan 170 ming nafari — asoratli homiladorlik bilan tug‘ilgan.

«Bu deyarli 20 foiz farzandlarimiz. Demak har beshinchi bola asoratli homiladorlik bilan tug‘ilyapti. O‘ylaymanki, bu raqamlarga alohida e’tibor qaratish kerak. Oilani qurishga tayyorgarlik ko‘rish, oilani sog‘lomlashtirish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish nihoyatda muhim vazifalardan bo‘lishi kerak. Demak, hozirgi mavjud qonunimizning to‘liq ijrosini ta’minlash va bu borada ishlarimizni yana ham kuchaytirish lozim», — dedi Diloram Tashmuxamedova.

U «tezkor oila qurish»ni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar tibbiy ko‘rikka e’tiborni kamaytirishi mumkinligini ta’kidlab, bu borada o‘zgartishlarni rad etishni qo‘llab-quvvatladi.