O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Adminstratsiya rahbari Sardor Umurzakovga ikkita muhim vazifasini topshirdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi xabar berdi.

“Bugun muhokama qilingan masalalar islohotlarimizning natijadorligini oshirish uchun muhim omil hisoblanadi”, — dedi prezident.

Administratsiya rahbariga yil yakuniga qadar ixcham, professional, adolatli, natijaga ishlaydigan boshqaruv tizimini joriy qilish bo‘yicha ma’muriy islohotlarni yakuniga yetkazish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qolaversa, davlat rahbari yangi tashkil qilingan Nazorat inspeksiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yib, prezident qarorlari va topshiriqlari ijrosini qat’iy ta’minlash vazifasini qo‘ydi.

Yuridik fanlar doktori, professor Isa Xamedov “Gazeta.uz” uchun O‘zbekistonda ma’muriy islohotlarning borishini tahlil qilib bergandi. Davlat boshqaruvi tizimini to‘liq funksional tahlil qilish orqali har tomonlama diagnostika kerak, so‘ngra yangi vazifalarga muvofiq funksiyalarni mutanosib ravishda taqsimlash kerak, deb ta’kidlagandi muallif.

Daromad deklaratsiyasini ta’minlaydigan Davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun 2017 yilning sentabr oyida qabul qilinishi kerak edi. Faqat 2022 yilning may oyiga kelibgina Senat “Davlat xizmati to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi. Unda xalqqa xizmat ko‘rsatish davlat xizmatining tamoyillaridan biri sifatida belgilab qo‘yilgan, daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash, faoliyatni KPI asosida baholash, korrupsiyaviy jinoyatlarini sodir etgan shaxslarni davlat xizmatiga qabul qilishni taqiqlash talablari o‘rnatilmoqda. Biroq, hujjat hanuz prezident tomonidan imzolanmadi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi o‘rtalarida prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov salomatligi tufayli boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan uning o‘rnini Sardor Umurzakov egallagan edi.