4−7 avgust kunlari Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda o‘tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining birinchi kunida O‘zbekiston atletlari bitta oltin va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

-52 kg vazn toifasida ishtirok etgan Diyora Keldiyorova finalda yaponiyalik Ai Shishimeni mag‘lub etib, oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Keldiyorova 2019 yil BAA mezbonlik qilgan dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda -66 kg vazn toifasida qatnashgan Muhriddin Tilovov esa bronza medali uchun kurashda mo‘g‘ulistonlik Erxembayar Battogtoxni mag‘lub etdi. Bu vaznda oltin medal Mo‘g‘uliston vakili Yondonperenleyn Basxuga, kumush esa Ryoma Tanakaga nasib etdi.

-57 kg vazn toifasida uchinchi o‘rin uchun kechgan bellashuvda Nilufar Ermaganbetova mezbonlar vakilasi Sevara Nishanbayevani mag‘lubiyatga uchratib, bronza medali sohibasi bo‘ldi. Ushbu vaznda yaponiyalik Momo Tamaoki finalda Xitoy terma jamoasi a’zosi Si Say ustidan g‘alabaga erishdi.

Eslatib o‘tamiz, dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 19 davlatdan jami 178 (103 erkak, 75 ayol) sportchi qatnashmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi turnirga 18 nafar atlet bilan tashrif buyurgan.