O‘zbekistonda 1 avgustdan boshlab Twitter, WeChat va «Vkontakte» ijtimoiy tarmoqlariga qo‘yilgan cheklov bekor qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Axmatov xabar berdi.

AOKAning yozishicha, «TikTok» platformasi bilan muzokaralar davom etmoqda, natijalari yuzasidan qo‘shimcha xabar beriladi. «To‘siqlarsiz foydalanish imkoniyati to‘liq tiklanmoqda. Blokirovkalar rivojlanishga faqat zarar keltiradi», — deyiladi xabarda.

Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov esa quyidagicha izoh qoldirdi: «Bloklash — faqat zarar va ahmoqlik».

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov mazkur yangilikka o‘z munosabatini bildirdi. «Axborot makonini yopib qo‘yish, fikrlar plyuralizmiga to‘sqinlik qilishga urinishlar jamiyatning taraqqiyotiga xizmat qilmay, aksincha, uni orqaga tortishi — isbot talab qilmaydigan haqiqat», — dedi u.

«O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi o‘tgan yilning yozida shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunni buzgani uchun Twitter, WeChat va «Vkontakte» shuningdek, Skype messenjeriga kirishni cheklagandi. Qonunga ko‘ra, xorijiy kompaniyalar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat ichida qayta ishlovchi serverlarni joylashtirishi shart. Bu boradagi o‘zgartirish o‘tgan yilning yanvar oyida prezident tomonidan imzolangandi. U o‘sha yilning aprel oyi o‘rtalaridan kuchga kirdi.

Twitter, WeChat va Vkontakte qonunbuzarlar reyestridan chiqarildi. Shu bilan birga, ro‘yxatda faqat Tik Tok qoladi. Rasmiylar ushbu ijtimoiy tarmoqlar qonun talablariga mos keladimi yoki yo‘qmi, hozircha xabar bermagan.

O‘zbekistonliklarning ma’lumotlarini qayta ishlovchi boshqa ko‘plab manbalarga cheklovlar qo‘yilmagan. O‘tgan yilning noyabr oyi boshida Telegram, Facebook, Odnoklassniki, YouTube mamlakatda juda mashhur bo‘lgan boshqa saytlar ham qonun hujjatlarini buzuvchi reyestrga kiritilgandi. Bu jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi va bir necha soat ichida kirish tiklandi. Buning ortidan «O‘zkomnazorat» rahbari, AKT vaziri va bosh vazirning axborot texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi iste’foga chiqqandi.

O‘tgan yilning oktabr oyida prezident Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi o‘zgartishlarni imzolagandi. U 2022 yil 30 yanvardan kuchga kirgandi.