Inson huquqlarini hurmat qilmaslik va qo‘rquvga asoslangan jamiyat barpo etmaslik oxir-oqibatda tinchlik, taraqqiyot va barcha afg‘onlar uchun munosib hayotga to‘sqinlik qiladi. Bu haqda 26 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson ma’lum qildi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Siyosiy yechim butun afg‘on xalqining ishtirokini talab qiladi, dedi elchi. U «Tolibon» rahbariyatining Afg‘oniston barcha afg‘onlar uchun umumiy uy ekanligi haqidagi bayonotiga ishora qildi.

«Ammo ayni damda aholining katta qismi mamlakat kelajagi bo‘yicha har qanday qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum. Ko‘pchilik ayollar Afg‘oniston iqtisodiyotiga hissa qo‘shish imkoniyatidan mahrum, chunki ular ham ta’limdan, ham ishchi kuchidan chetda. Va shunday vaziyatda Afg‘onistonni barcha afg‘onlar uchun uy sifatida tasavvur qilish qiyin», — dedi u.

Yevroittiqoq maxsus vakilining ta’kidlashicha, mojarodan keyingi davlat — mojaro tinch yo‘l bilan hal qilingan davlatdir.

«Ammo biz bir yildan kamroq vaqt oldin tinch yo‘l bilan kelishuv o‘rniga BMTning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar boshchiligidagi jangarilar harakati tomonidan hukumat va konstitutsiyaviy tuzum ag‘darilganiga guvoh bo‘ldik. Biroq millat inklyuziv siyosiy jarayonni boshlash uchun hali ham kech emas», — dedi Tomas Niklasson.

Uning fikricha, agar bu jarayon e’tibordan chetda qolsa hamda asosan bir etnik guruh va erkaklar vakili bo‘lgan bitta siyosiy fraksiya mamlakatda yetakchilik va hukmronlik qilishga intilsa, afg‘onlarning aksariyati qaror qabul qilish jarayonidan hamon chetda qolsa, takroriy zo‘ravonlik va mojarolar ehtimoli sezilarli darajada oshadi.

«O‘tmishda ko‘rganimizdek, Afg‘oniston va mojarodan keyingi ko‘plab boshqa davlatlar mojaroning bunday yechimiga erisha olmadi. Bizning Afg‘onistonda inklyuzivlikka chorlovimiz Yevropa Ittifoqi yoki boshqa mamlakatlar manfaatlari uchun emas, balki farovon kelajak va Afg‘onistonning o‘z barqarorligi uchundir. Men bu haqda allaqachon aytganman va yana aytaman — bu sobiq rahbarlarning qaytishiga chaqiriq emas. Afg‘onistonga yangi rahbarlar kerak, ammo yetakchilar turli etnik guruhlar va turli siyosiy guruhlardan bo‘lgan erkak va ayollardir», — dedi u.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

YeI maxsus vakili barqaror tinchlik nafaqat zo‘ravonlik yoki urushga, balki inson huquqlari buzilishi va kamsitishlarga chek qo‘yishni ham talab qilishini ta’kidladi.

«Toliblar hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri biz Afg‘oniston a’zo davlat bo‘lgan xalqaro konvensiyalarda e’tirof etilgan afg‘onlarning iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, siyosiy va ijtimoiy huquqlarining tuzilmaviy va tizimli ravishda buzilishiga guvoh bo‘ldik. Biz ozchiliklar, hazoralar va afg‘on shialari orasida etnik, diniy yoki gender o‘ziga xosligi tufayli ta’qibga uchragan odamlarni ko‘rdik. Qoidabuzarliklar orasida qotillik, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, zo‘rlik bilan g‘oyib bo‘lish, jismoniy zo‘ravonlik, qiynoq va qo‘rqitish kiradi», — dedi diplomat.

Uning ta’kidlashicha, «Tolibon» tomonidan repressiv qotilliklarga qarshi chora ko‘rish bo‘yicha hujjatlashtirilgan sa’y-harakatlar yo‘q va qiynoqlarning keng tarqalganligi haqidagi xabarlarga qarshi chora ko‘rish uchun hujjatlashtirilgan harakatlar ham mavjud emas.

Tomas Niklasson Afg‘onistonda yig‘ilishlar, so‘z, fikr va matbuot erkinligi kafolatlanmaganini ta’kidladi. Afg‘oniston 2021 yildan buyon Jahon matbuot erkinligi indeksida 30 dan ortiq pog‘onaga tushib ketdi, bu «bir paytlar jonli media landshafti uchun bo‘sh joy qisqarganini aks ettiradi». Teleradiokompaniyalar, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari tobora ko‘proq cheklovlar va senzuraga duchor bo‘lmoqdalar hamda adolatsiz hibslar o‘z-o‘zini senzura qilishga olib kelmoqda. Jurnalistlar «Tolibon» tomonidan chiqarilgan jurnalistlar uchun noaniq ifodalangan yangi qoidalar»ga rioya qilmaslik oqibatlaridan qo‘rqishadi.

YeI maxsus elchisining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda ayollar va qizlarga siyosiy, iqtisodiy, ta’lim va ijtimoiy makondan chetlashtirilgani uchun «ayniqsa shafqatsizlarcha» munosabatda bo‘lmoqda.

«Dunyoning birorta ham davlatida qizlarning o‘rta maktabga borishi taqiqlanmagan. Garchi biz «Tolibon»dan kamida olti oy davomida butun mamlakat bo‘ylab o‘rta maktablar ham qizlar uchun ochiq bo‘ladi, degan va’dalarni eshitgan bo‘lsak-da. Millionlab afg‘onlar hamon bu va’dalar amalga oshishini kutmoqda», — deydi u.

Tomas Niklasson qonun ustuvorligini «Tolibon» hukmronligi ostidagi Afg‘onistonda barcha odamlar va jamiyat tengligini ta’minlashning muhim tarkibiy qismi deb atadi.

«Huquqiy va konstitutsiyaviy tuzum noaniq bo‘lib qoldi. Bu odamlarning nima taqiqlanganligini endi bilmaydigan vaziyatni keltirib chiqaradi, ularning huquqlari buzilgan taqdirda, ularni himoya qilishni imkonsiz qiladi. Qonun ustuvorligi va taraqqiyot bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va bir-birini to‘ldiradi. Qonun ustuvorligini mustahkamlamasdan turib, barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga erishish qiyin bo‘ladi. Shu bilan birga, insonning barcha huquq va asosiy erkinliklarini, jumladan, rivojlanish huquqini to‘liq ro‘yobga chiqarish ortga chekinmoqda», — dedi u.

Tashqi ishlar vaziri v.b. Amirxon Muttaqiy boshchiligidagi Afg‘oniston delegatsiyasi. Foto: O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Yevropa Ittifoqi o‘zining joylarda mavjudligi va BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish bo‘yicha missiyasi (UNAMA) va BMTning insoniy masalalar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi kabi vaziyat haqida muntazam hisobot beruvchi tashkilotlarning mandatini qo‘llab-quvvatlash orqali inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etadi. Yevropa Ittifoqi maxsus ma’ruzachi Richard Bennetga birinchi tashrifi chog‘ida Afg‘onistonning bir qancha hududlariga kirish huquqi berilganini yuqori baholadi.

«Inklyuzivlik kabi, inson huquqlarini hurmat qilmaslik va qo‘rquvga asoslangan jamiyat qurish oxir-oqibatda barqaror tinchlik, barqaror rivojlanish va barcha afg‘onlar uchun munosib hayotga to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun Yevropa Ittifoqi ularni „Tolibon“ bilan muloqotimizdagi asosiy jihatlar yoki nuqtalar deb biladi. Va men gapirgan BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi inson huquqlariga rioya qilish va siyosiy yechim topish imkoniyati hamda afg‘onlarning o‘tgan 20 yil davomida Afg‘onistonda erishgan yutuqlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish istagi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik mavjudligini tasdiqladi», dedi u.

Tomas Niklasson Afg‘oniston ravnaqi uchun mamlakat iqtisodiy jihatdan yakkalanib qolmagani muhim degan fikrga qo‘shildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar Afg‘onistonga katta miqdorda gumanitar yordam ko‘rsatgan, biroq buning o‘zi iqtisodiyotni uzoq muddatda barqarorlashtirish uchun yetarli emas.

«Xalqaro hamjamiyat Afg‘oniston iqtisodiyotiga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin bo‘lsa-da, toliblar oxir-oqibatda mamlakatning makroiqtisodiy barqarorlashuvi yo‘lida harakat qilishi kerak. O‘zlari ta’kidlaganidek, ular mustaqil iqtisodiyot va xususiy sektor boshchiligidagi rivojlanishni istaydi va buning uchun Afg‘onistonga hali yaratilmagan qulay biznes muhiti kerak bo‘ladi. Xotin-qizlar asosan mehnat resurslaridan chetda qolgan va bu iqtisodga yiliga 1 mlrd dollar yoki yalpi ichki mahsulotning 5 foizini tashkil etadi», — dedi u.

Diplomatning aytishicha, «Tolibon» yillik budjet borasida shaffoflik ko‘rsatmayapti hamda afg‘on xalqi va xalqaro hamjamiyatga ichki daromadlar qanday taqsimlangani aniq emas.

«Bundan tashqari, muhim moliyaviy institutlardagi lavozimlarni BMTning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar egallashi, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash mexanizmlari endi ishlamay qolgani yordam bermaydi. Bu qonun ustuvorligining yo‘qligi bilan birgalikda biznes hamjamiyatining mamlakatga sarmoya kiritishga unchalik ham tayyor emasligi muhitini yaratadi», — dedi u.

YeI maxsus vakili, shuningdek, «Tolibon» da’vo qilganidek, xususiy sektor va kompaniyalarning shaffofligi va hisobdorligisiz Afg‘onistonning tabiiy resurslarini ekspluatatsiya qilishga xususiy sektor sarmoyasiga ruxsat berish «aholining ko‘pchiligiga emas, bir necha kishiga foyda keltirishi hamda afg‘onlar uchun muhim ish imkoniyatlarini yaratishi dargumon ekanini» ta’kidladi.

«Ushbu imtiyozlarning tengsiz taqsimlanishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, tengsizlik va mojaroning kuchayishiga olib kelishi mumkin», — deya qo‘shimcha qildi u.

Yevropa Ittifoqi afg‘on xalqiga o‘z hissasini qo‘shish va qo‘llab-quvvatlashda davom etish niyatida. YeI «Tolibon» bilan muloqotga, «tashqi ishlar vazirlari tomonidan belgilangan yo‘riqnomalar asosida», fuqarolik jamiyati, ishbilarmon doiralar, afg‘on ayollari va boshqa afg‘onlar bilan muloqotga ochiqligini bildiradi.

«Va shu bilan birga, „Tolibon“ o‘z so‘zida turishi, Afg‘onistonni barcha afg‘onlar uchun munosib va farovon hayot kechira oladigan, huquqlarni hurmat qiladigan, undan foydalanishi mumkin bo‘lgan hamda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotning barcha aspektlarida konstruktiv ishtirok eta oladigan uyga aylantirish vaqti keldi», — deya xulosa qildi Tomas Niklasson.

Avval xabar berganimizdek, Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy mamlakat o‘z va’dalarini bajarayotganini ta’kidlab, Qo‘shma Shtatlarni «so‘zsiz va hech qanday shartlarsiz» afg‘on aktivlarini qaytarishga chaqirdi. U, shuningdek, mamlakatlarni mintaqada xavfsizlik va barqarorlikka xizmat qiladigan Afg‘onistonga sarmoya kiritishga chaqirdi.