AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligiga ona tili va o‘qish savodxonligi, shuningdek, matematika fanlari bo‘yicha o‘qituvchilar uchun 500 mingga yaqin zamonaviy darslik va qo‘llanmalar topshirdi, deya xabar qildi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi.

USAID, Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi darsliklar 2022−2023 o‘quv yilida Namangan va Sirdaryo viloyatlarining 919 ta umumta’lim maktabida tajriba-sinovdan o‘tkaziladi. Diplomatik vakolatxonaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, pilot loyihasi doirasida 277 ming boshlang‘ich sinf o‘quvchilari qamrab olinadi. Shuningdek, USAID avgust oyida 10 ming nafar o‘qituvchini tayyorlaydi.

«Matematika hamda ona tili va o‘qish savodxonligi fanidan yangi darsliklar va o‘qituvchilar uchun innovatsion qo‘llanmalar o‘quvchiga yo‘naltirilgan ta’lim va ta’limdagi yangi yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov. Boshlang‘ich sinflarda o‘qish va matematika ko‘nikmalarini takomillashtirish o‘quvchilarga hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan asosiy ko‘nikmalarni beradi, deya qo‘shimcha qildi u.


2021−2022 o‘quv yilida mahalliy va xalqaro mutaxassislardan iborat guruh O‘zbekistondagi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bilan hamkorlikda yangi darsliklarni ishlab chiqdi.

Dastlabki sinovdan so‘ng darsliklar o‘qituvchi va o‘quvchilarning fikr-mulohazasi asosida qayta ko‘rib chiqiladi va yakuniy tahriri Xalq ta’limi vazirligi tomonidan chop etiladi.

2023−2024 o‘quv yilidan boshlab 1−4-sinflarning barcha o‘quvchilari — jami ikki mln nafardan ortiq bolalar yangi darsliklardan foydalanishni boshlaydi va O‘zbekistonning barcha o‘qituvchilari foydalanish uchun qulay, o‘quvchiga qaratilgan ta’lim usullarini o‘zida jamlagan o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

2021 yil boshida loyiha doirasida 1−4-sinf o‘quvchilariga «Ona tili va o‘qish savodxonligi» hamda «Matematika» fanlari bo‘yicha o‘qitishning yangi standartlari ishlab chiqilgani haqida yozgan edik. Mazkur standartlar asosida qiziqarli kontent hamda o‘quvchilarning qiziqishiga yo‘naltirilgan yuqori sifatli darsliklar va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqildi.

O‘tgan o‘quv yilida xuddi shu hududlarda xalqaro nashriyotlarning ingliz tili (1−11-sinflar) va informatika (5−11-sinflar) bo‘yicha O‘zbekiston sharoitiga moslashtirilgan hamda USAID ko‘magida ishlab chiqilgan yangi darsliklar joriy etilgandi.