Afg‘oniston muvaqqat hukumati AQShni afg‘on aktivlarini qaytarishga chaqirmoqda. Bu haqda 26 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri v. b. Amirxon Muttaqiy ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 11 oy ichida «Tolibon» Afg‘oniston ichida xavfsizlikni ta’minlay oldi va aholiga asosiy xizmatlar ko‘rsatuvchi barcha davlat idoralari hamda davlat xizmatchilarining ish samaradorligini saqlab qoldi.

«Biz korrupsiya darajasini qariyb nol darajaga tushirdik. Barcha siyosiy va harbiy jinoyatchilarga amnistiya e’lon qildik. Afg‘oniston tarixida birinchi marta tolerantlik siyosati e’lon qilindi. Hech kim o‘z siyosiy mafkurasi sababli ishdan bo‘shatilmadi. Bizda hozir Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari juda yaxshi ishlamoqda. Ularga ko‘plab yoshlarni jalb qildik», — dedi u.

Amirxon Muttaqiy «Tolibon» ushbu tuzilmalardan xalqqa yoki qo‘shnilarga qarshi foydalanmaganini ham ta’kidladi.

«Bir tomondan yigirma yillik urush, ikkinchi tomondan AQShning iqtisodiy sanksiyalari mamlakatni qashshoqlikka olib keldi. Bundan oddiy odamlar aziyat chekmoqda. Barcha bu muammolarga qaramay, mamlakat uddalashga muvaffaq bo‘ldi. Barcha davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Oradan ancha vaqt o‘tib, xususiy va davlat universitetlarini ochdik. Barcha maktablar ochiq, ularda 10 million o‘quvchi bor», — dedi u.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi rahbari v.b.ning aytishicha, xotin-qizlar shart-sharoit bo‘lgan joylarda, sharoit bo‘lmagan joyda esa uydan turib ishlashmoqda. «Biz ularga sharoit yaratmagunimizcha, uydan ishlashlari uchun pul to‘laymiz», dedi u.

Amirxon Muttaqiy «Tolibon» Afg‘onistonda barqarorlik va tinchlik o‘rnatilishi tarafdori ekani, chunki bu uning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishini ta’kidladi.

«Bizning siyosatimiz hozirda iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan va Afg‘oniston mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlik markaziga aylanishi kerak. Afg‘oniston Janubiy va Markaziy Osiyoni bog‘laydigan eng qisqa va arzon yo‘lni ta’minlaydi», — dedi muvaqqat hukumat vakili.

U «Tolibon» hech kimga Afg‘oniston hududidan boshqa davlatlarga tahdid qilish uchun foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik mas’uliyatini o‘z zimmasiga olganini eslatib o‘tdi.

«Biz uddaladik. Afg‘onistondagi xavfsizlik ham mintaqa, ham jahon hamjamiyatidagi xavfsizlik bilan bog‘liq. Biz barcha va’dalarni bajarmoqdamiz va Qo‘shma Shtatlar ham kelishuvdagi barcha va’dalarni bajarishini xohlaymiz», — dedi u.

Amirxon Muttaqiy Afg‘oniston dunyoning barcha davlatlari bilan munosabatlarni o‘zaro hurmat va o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.

«Biz AQShni Afg‘onistonning barcha aktivlarini hech qanday so‘zsiz va hech qanday shartlarsiz qaytarib berishga chaqiramiz. Bu afg‘on xalqining hayoti va taraqqiyotiga juda ijobiy ta’sir qiladi… Afg‘oniston geografik jihatdan strategik qulay joyda joylashgan, tabiiy resurslarning ulkan zaxiralariga va juda arzon ishchi kuchiga ega. Biz barchani Afg‘onistonga mintaqada xavfsizlik va barqarorlikka xizmat qiladigan sarmoyalar kiritishga chaqiramiz», — dedi TIV rahbari.

U, shuningdek, hozir Afg‘oniston «bir davlat, bir mamlakat, bir hokimiyat» sifatida faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.

«Afg‘onistonda ISHID yo‘q qilindi. Hozir esa biz bilan sobiq tuzumning 500 ming turli ishchilari ishlamoqda. Ketganlar uylariga qaytishmoqda. Barcha afg‘onlar erkin sayohat qilishlari mumkin», — dedi Amirxon Muttaqiy.

U bank sohasida muammolar mavjudligini tan oldi, biroq ular yaqin kelajakda hal etilishini kutmoqda.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Afg‘onistonning xorijdagi moliyaviy aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash mamlakatdagi ijtimoiy muammolarni hal etishning asosiy omillaridan biri ekanligini ta’kidlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 11 sentabrida o‘tgan SHHT sammitida prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni hisobga olgan holda xorij banklaridagi afg‘on aktivlarini qaytarishni taklif qilgan edi. Gap avgust o‘rtasida «Tolibon» qo‘liga tushmasligi uchun AQSh tomonidan muzlatilgan Afg‘oniston Markaziy bankining milliardlab dollarlari haqida ketmoqda