Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida oltin metall qotishmalarini olib ketayotgan fuqaro to‘xtatib qolindi, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Tumanda DXX va IIB xodimlari tezkor tadbir o‘tkazib, «Yuqori nuqta» YPX maskanida Hyundai Elantra rusumli avtomobilni to‘xtatgan.

Mashina haydovchisi N.M. og‘irligi 1,1 kg bo‘lgan, umumiy bahosi 703,9 mln so‘mlik 10 dona oltin metall qotishmasini Toshkent shahriga o‘tkazish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.