O‘zbekistonda joriy yilgacha hech qachon talon-toroj bo‘layotgan va qaytmayotgan kreditlar masalasi prezident darajasigacha chiqmagan.

Bu haqda 22 iyul kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kreditlarni talon-toroj qilish bo‘yicha juda qattiq choralar ko‘rilmoqda.

Deputat bosh vazirga kredit berish tartibini ko‘rib chiqish kerakmi yoki odamlarni ko‘rib chiqish kerakmi deya savol bilan murojaat qildi.

«Odamlarni ko‘rib chiqishdan foyda yo‘q, bu muammoni hal qilmaydi. Kredit berishni ko‘rib chiqish kerak. Birinchi navdatda imtiyozli kreditlarni yo‘q qilish masalaning yechimi bo‘ladi. Qachonki imtiyozli kredit bo‘lmasa, shunda kredit berish [jarayoni] tartibga tushadi», — dedi vazir.

«Ikkinchidan banklarimizni xususiylashtirish kerak, — dedi Jamshid Qo‘chqorov. — Xususiy egalari shu banklardan halol, pok, qonuniy, to‘lov hisobi, dividend orqali daromad olishga erishish uchun talon-torojga ham o‘zi qaraydi. Albatta, o‘g‘rilik hamma jamiyatda ham bor».

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 2021 yildan O‘zbekistonda imtiyozli kreditlash siyosatini bekor qilish rejalashtirilgani, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bu rejalarni keyinga surishga to‘g‘ri kelganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili imtiyozli shartlarda kreditlarning 24,6 foizi berilgan va bu 2018 yilga nisbatan 2 barobar kamdir. Shu bilan birga, imtiyozli kredit portfeli tarkibida muammoli kreditlarning ulushi yuqori darajada qolmoqda.

May oyi o‘rtalarida Markaziy bank imtiyozli kreditlash amaliyotining makroiqtisodiy samaradorligi pastligi va ushbu amaliyot samarali pul-kredit siyosati uchun jiddiy muammolardan biri ekanligini qayd etgandi.