Yaqin bir yil ichida yoshga doir pensiyani tayinlashni fuqarolarning murojaatisiz amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Ruslanbek Davletov Qonunchilik palatasining 20 iyul kungi majlisida ma’lum qildi.

«Yoshga doir pensiyani tayinlashda ham davlat o‘zining majburiyatini to‘g‘ri his qilib, biz murojaatsiz pensiya tayinlash tizimini kiritmoqchimiz. Chunki juda ko‘p insonlar ishlaydi, davlat va jamiyatga qancha xizmat qiladi, umrini oxirgi bosqichlari kelganida byurokratiyada qiynalib, bahslashib [yuradi]», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar hozir sudlar faoliyati tahlil qilinsa, pensiya nizolariga doir ishlar juda ko‘p.

«Aslida bunday bo‘lmasligi kerak. Pensiya bo‘yicha hech qanday nizolar qolmasligi kerak, chunki yil ishlaganidan keyin davlat tegishli imkoniyatlarni yaratib berishi kerak», — dedi vazir.

«Har qanday noaniqliklar pensiya oluvchining foydasiga talqin qilinishi kerak. Mana shu tizimga bir yilda o‘tishga harakat qilamiz. Moliya vazirligi bu yerda asosiy ijrochi, juda yaxshi jamoa shakllangan, [buni] birgalikda amalga oshiramiz», — dedi Ruslanbek Davletov.

Eslatib o‘tamiz, vazir ayni shu majlisda notariuslarga nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqini berish tashabbusini ham bildirgandi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning ishontirishicha, «notariuslar ikki tomonning xohish-irodasini tasdiqlab, shahodatlay oladi».