Shu yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisalarida jarohat olish va o‘lim holatlari sur’atlari, shuningdek ularning umumiy soni kamaydi, deb xabar berdi IIV JXP YHXX.


Yanvar-iyun oyining o‘zida rasman 3559 ta YTH ro‘yxatga olindi (2021 yilning mos davrida — 3753 ta qayd etilgandi, bu 194 taga yoki 5,2 foizga kam degani). Avariyalarda 2775 kishi jarohat oldi (2842, -67, -2,4%), 784 kishi esa vafot etdi (911, -127, -13,9%).

YTHlar soni Farg‘ona viloyati (621 ta, +3%) va Namangan viloyatidan (400 ta, +7%) tashqari barcha hududda kamaydi. Mazkur ko‘rsatkichlar Toshkent shahrida — 479 ta (-10%), Toshkent viloyati — 413 (-6%), Samarqand — 372 (-1%), Andijon — 299 (-10%), Qoraqalpog‘iston — 193 (-4%), Qashaqadaryo — 161 (-26%), Buxoro — 139 (-4%), Surxondaryo — 131 (-8%), Navoiy — 106 (-17%), Xorazm — 89 (-3%), Jizzax — 86 (-21%) va Sirdaryo — 70 tani (-1%) tashkil etdi.

22,9 foiz yoki 818 ta YTHga belgilangan tezlikka rioya qilmaslik sabab bo‘lgan. 254 ta holatda (7,1%) — haydovchining tajribasizligi, 182 tasida (5,1%) — oraliq masofani saqlamaslik, 133 tasida (3,7%) — piyodaga yo‘l bermaslik, 105 tasida (2,9%) — svetofor yoki yo‘l belgisiga rioya qilmaslik, 101 tasida (2,8%) — quvib o‘tish qoidalarini buzish, 35 tasida (1%) — mast holda transport vositasini boshqarish, 313 ta holatda esa (8,7%) — boshqa sabablar oqibatida avariyalar sodir bo‘lgan.

YTHlarning 1618 tasi (45,5%) esa obyektiv sabablariga ko‘ra kelib chiqqan. Bu piyodalar o‘tish joyi tashkil qilinmaganligi — 11% (393), veloyo‘laklar yo‘qligi — 8,3% (298), yo‘lni ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilmaganligi — 8,1% (289), yo‘llar yoritilmaganligi — 5,2% (186), yo‘l ho‘l yoki muzlama bo‘lganligi — 1,9% (68). Xizmat shuningdek, shu turdagi sabablarga piyodalar harakatini cheklovchi to‘siqlar (panjara) o‘rnatilmaganligi — 4,6% (167), tor yo‘llarning o‘tkazuvchanligi transport oqimiga moslashtirilmaganligi — 4,3% (155), yerosti va yerusti piyodalar o‘tish joyi tashkil etilmaganligini — 1,7% (62) ham kiritgan.

Barcha YTHlarning qariyb yarmi — 46,8 foizi yoki 1648 tasi avtomobillarda piyodalarni urib ketish bilan bog‘liq. Avtomobillar to‘qnashuvi esa 31,8% (1132), velosipedchilarni urib yuborish — 8,4% (298), mashinalarning ag‘darilishi — 5,3% (190), to‘siqqa urilish — 4,4% (156) va to‘xtab turgan transportga borib urilish — 1,2 foizni (41) tashkil qildi.

Avariyalarning katta qismi yengil avtomobillari ishtirokida sodir bo‘lgan — 84% (2990 ta). 10,4 foiz avariyalarda (373 ta) yuk mashinalari, 10,3 foizida (372) — velosipedchilar va 1,3 foizida (47) — avtobuslar qatnashgan.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda pandemiya davrida baxtsiz hodisalar hamda ularda halok bo‘lgan va jarohatlar soni bo‘yicha statistik ma’lumotlar kamayganidan so‘ng, 2021 yilda bu ko‘rsatkichlar keskin oshgandi: YTHlar soni — 43 foizga, o‘limlar — 24 foizga, jarohat olishlar — 40 foizga. Baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari tezlikni oshirish va harakatni noto‘g‘ri tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgandi.