O‘zbekistonda notariuslarga nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqi berilishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 20 iyuldagi yalpi majlisida adliya vaziri Ruslanbek Davletov ma’lum qildi.

«Kerak bo‘lsa nikoh tuzish huquqini notariuslarga ham berishni ko‘rib chiqmoqchimiz. Chunki, notariuslarda ham juda kuchli yuristlar, hammasini tushunadi. Ular ikki tomonning xohish-iroda tasdiqlab, shahodatlay oladi. Hech qanaqa muammo yo‘q», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan 200 ta FHDYO o‘rniga 1000 ta notariusga murojaat qilish imkoniyati yaratilishi mumkin. Bu hozir ko‘rib chiqilayapti va tegishli hujjatlar alohida taqdim etiladi.

Adliya vazirligi rahbari shuningdek, FHDYO organlarida tug‘ilish, nikoh, o‘lim, familiya o‘zgartirishni yagona dalolatnoma asosida shakllantirishni yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilmoqda.

Adliya vazirligi fuqarolarning nikohini FHDYOga ariza berilganidan bir oy o‘tib rasmiylashtirish tartibini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni Oila kodeksiga kiritishni taklif qilgandi.