19 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Gruziya bosh vaziri Irakliy Gariboshvili boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Toshkentga tashrif buyurgan mamlakat tashqi ishlar vaziri Ilya Darchiashvili bilan uchrashdi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Muzokaralar chog‘ida Ilya Darchiashvili Gruziyaning O‘zbekiston bilan barcha sohalarda keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanligini ta’kidladi.

Tomonlar davlatlararo hamkorlikning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Siyosat, iqtisodiyot, transport, turizm va madaniyat sohalaridagi aloqalarni jadallashtirish bo‘yicha aniq takliflar ko‘rib chiqildi.

Transport-tranzit sohasida o‘zaro hamkorlik uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi. Xususan, O‘zbekiston logistika markazlari va Gruziya dengiz portlaridan tovarlarni eksport qilish va import qilishda samarali foydalanish, yuklarni tashishda o‘zaro asnoda chegirmalar va imtiyozlar berish, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bog‘laydigan transport yo‘laklari tizimini yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlarning xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston va Gruziya madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, shuningdek, birgalikda ilmiy-texnik tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Gruziya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi