Xitoy davlatida masofaviy tarzda o‘tkazilgan 54-Xalqaro kimyo olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 4 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. Mazkur olimpiadada dunyoning 80 ta davlatidan 320 nafar o‘quvchi ishtirok etgan.

Jumladan, Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 11-sinf o‘quvchisi Maftuna Badalova, Azimjon Jamolov, Ikromiddin Boymahammadov hamda Navoiy viloyati Navoiy shahridagi 11-AFCHO‘IM (ayrim fanlarni chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab)ning 11-sinf o‘quvchisi Sherzod Shaymatov sovrindor bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, xalqaro fan olimpiadalarida kumush medalni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga 90 mln so‘m, o‘qituvchilariga esa 75 mln so‘mdan pul mukofotlari topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Armanistonda o‘tgan 33-Xalqaro biologiya olimpiadasida o‘zbekistonlik Aziza Abduvaliyeva hamda Norvegiyada bo‘lib o‘tgan 63-Xalqaro matematika olimpiadasida Lazizbek Rajabboyev bronza medalini qo‘lga kiritgani xabar qilingandi.