Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022 yilning yanvar-iyun oylarida chet el davlatlaridan pul o‘tkazmalari miqdori keskin oshdi.

6 oy davomida mamlakatga 6,53 mlrd dollar pul o‘tkazmasi kelib tushdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 mlrd dollarga (+96%) ko‘p degani.

Birgina iyun oyining o‘zida jismoniy shaxslar O‘zbekistonga rekord darajada ko‘p — 2,34 mlrd dollar (avvalgi rekordlar aprelda — $1,07 mlrd va mayda — $1,65 mlrd qayd etilgandi) miqdordagi mablag‘ni yubordi. Shu bilan birga, mazkur ko‘rsatkich 2021 yilning may oyida 3,25 martaga kamroq — 720 ming dollar atrofida bo‘lgandi.

Qolaversa, valyuta ayirboshlash operatsiyalari ham keskin ko‘tarildi. Yanvar-iyun oylarida banklar aholidan 5,66 mlrd dollar sotib oldi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,33 mlrd dollarga (70%) ko‘proq. Birgina iyun oyining o‘zida xarid miqdori 1,34 mlrdni tashkil qildi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, dinamika va sur’atlardan ham bilsa bo‘ladiki, bu ko‘rsatkichlar mehnat migrantlari va umuman tashqi transfertlar xarakteristikasi bilan bog‘liq emas.

«Statistikamiz (Davlat statistika qo‘mitasi — tahr.) ertaga bu ko‘rsatkichlarni jami daromadlarda hisobga qo‘shsa, xatolik bo‘ladi. O‘zbekistonlik migrantlar soni 3 barobarga oshgani yo‘q, o‘zbekistonlik migrantlarning daromadlari yil davomida 3 barovariga ko‘payib qolgani yo‘q», — deya tushuntirdi u.

Uning fikricha, yuzaga kelgan vaziyat pul o‘tkazmalarini g‘irt spekulyativ va diversiya maqsadlarida ishlatishga imkoniyat bermoqda.

«Afsuski, bunga hech qanday qarshilik ko‘rsatilayotgani yo‘q, to‘siq qo‘yilayotgani yo‘q. Naqd valyuta yetishmovchiligi ham, naqd so‘m yetishmovchiligi ham bu oqibatlardir. Yuborilgan pul o‘tkazmalarining yarmidan ko‘pini tijorat banklari sotib olishga (xususan MBning madad pullari hisobiga) majbur bo‘lishmoqda va bu bilan muomaladagi pul massasini iqtisodiy mohiyatdan tashqarida kengaytirishga hissa qo‘shishmoqda», — deya ta’kidladi Otabek Bakirov.

Iyul oyi boshida xorijiy valyuta taqchilligi haqidagi xabarlarga javoban o‘zbek banklari ularning ayirboshlash shoxobchalari yetarli miqdorda naqd pul bilan ta’minlangani, pul o‘tkazmalari barqaror amalga oshirilganini ma’lum qilgandi.

Mart oyida Jahon banki ekspertlari 2022 yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 2022 yilda 21% ga qisqarishi kutilayotganini prognoz qilgandi. May oyida Jahon banki ham pul o‘tkazmalarining keskin kamayishi kutilayotganini qayd etgandi.