2022−2023 yillarda O‘zbekistondagi bir qancha chegara bojxona postlari to‘liq ta’mirlanadi va kengaytiriladi. Bu haqda 14 iyul kuni Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Kabulovning ta’kidlanishicha, Qozog‘iston bilan chegaradagi «Dovut-ota», «G‘ishtko‘prik», «Navoiy», «S.Najimov» bojxona postlari to‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Ta’mirlash ishlari Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Kabulov. Foto: DBQ.

«Bundan maqsad — transport tirbandligini yechish, haydovchilar va aholiga qulaylik yaratish. Joriy yil Qoraqalpog‘istondagi „Dovut-ota“, Toshkent viloyatidagi „G‘ishtko‘prik“, „Navoiy“ postlarini rekonstrauksiya qilish boshlanadi. Bu jarayon albatta, ma’lum vaqt talab etadi. Chunki buzish, qurish, infastrukturani yaratish, texnikalar o‘rnatish va boshqa ishlar uchun vaqt ketadi», — dedi Rustam Kabulov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi «S.Najimov» postini rekonstruksiya qilish ishlari esa 2023 yilda boshlanishi rejalashtirilgan.

Qo‘mita vakili mazkur postlarni rekonstruksiya qilish jarayoni qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi. Ya’ni faqat O‘zbekiston o‘z chegara postini ta’mirlamaydi. Ikki mamlakat teng vaqt ichida postlarini rekonstruksiya qiladi. Shundagina, ushbu postlardan o‘tuvchi haydovchilar uchun ham, aholi uchun ham qulaylik yaratiladi.