Oliy Majlis Qonunchilik palatasining juma kungi majlisida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishga oid qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddatini yana 15 kunga, ya’ni 1 avgustga qadar uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Parlament quyi palatasi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, palataning mas’ul qo‘mitalari vatandoshlardan tushgan takliflarni umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek, qonun loyihasini maromiga yetkazishda davom etadi.

O‘zgartirishlar loyihasi 25 iyun kuni e’lon qilingandi va muhokama uchun atigi 10 kun berilgandi. 4 iyul kuni deputatlar mazkur muddat yetmasligini tan olib, muhokamalarni yana 10 kunga uzaytirgandi. O‘shanda deputatlar Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarni o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi qarorni ham qabul qilishgandi.

15 iyuldagi majlisda esa deputat Jahongir Shirinov fuqarolardan kelib tushayotgan takliflarni ekspertlarni jalb qilgan holda chuqurroq o‘rganib chiqish zaruriyati tug‘ilganini yana bir bor ta’kidladi.

«Bu mamlakatimizning bosh qonuni, davlatimiz, millatimiz, jamitiyamizni kelajagi, taqdirini belgilab beradigan muhim hujjat hisoblanadi. Buni shoshma-shosharlik bilan muhokama qilish yoki qabul qilish yaxshi natijalarga olib kelmaydi», — dedi u.

Akmal Saidov esa umumxalq muhokamasini uzaytirish deputatlar qo‘lida ekanligini aytib, fuqarolar xohish-istaklarini inobatga olish zarurligini ta’kidladi.

Konstitutsiyaviy komissiya ma’lum qilishicha, umumxalq muhokamasi davrida fuqarolardan 85 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan.