Sirdaryo viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda Sardoba tumani Xovotog‘ qishlog‘ining «Zomin» mahallasida aniqlangan A-22 kasalligi tufayli 10 kunlik karantin e’lon qilingani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Boshqarma mahallada yashovchi fuqarolardan birida A-22 aniqlanganini tasdiqladi. Kasalliklarning xalqaro tasnifi ((KXT-10) bo‘yicha A-22 bu Cibir yarasi (kuydirgi) hisoblanadi.

Mazkur kasallik odamdan odamga yuqmaydi, faqat kasallangan mollarni so‘yish paytida va xom go‘sht bilan aloqada bo‘lgan odamga yuqadi, deya ta’kidladi SES viloyat boshqarmasi.

Shunga ko‘ra, karantin faqat yirik va mayda shoxli qoramollarga nisbatan qo‘llaniladi, deyiladi bayonotda.

Bugungi kunga kelib veterinariya shifokorlari «Zomin"mahallasi hududidagi barcha yirik va mayda qoramollarni ushbu kasallikka qarshi emlashgan.

Boshqarma hozirda epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirga o‘rin yo‘q, deb ishontirmoqda.