Qashqadaryo viloyatida «Jihodchilar» oqimi g‘oyalarini targ‘ib qilganlikda gumonlangan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Tergovga ko‘ra, Qarshi shahrida yashovchi (1993 y.t.) J.M. ijtimoiy tarmoqlar orqali «Jihodchilar» DEO a’zolari ta’siriga tushib qolgan. U Telegram`da guruh va kanal tashkil qilgan hamda ular orqali ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi hukmiga ko‘ra, yolg‘iz onaligi va 9 oylik farzandi borligi hisobga olinib, unga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, DXX Qashqadaryoda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish doirasida yana tezkor tadbirlar o‘tkazdi.

Kitob tumanidagi holatda (1998 y.t.) Q.T. 2020−2021 yillarda Rossiyada ishlab, ijtimoiy tarmoqlar orqali «Jihodchilar» diniy ekstremistik oqimi a’zolari ta’siriga tushib, ularni qo‘llab-quvvatlagani aniqlandi.

U doimiy yashash manziliga qaytib kelganidan keyin esa o‘z atrofidagilarga ushbu oqim g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan shug‘ullangan, deyiladi xabarda.

Shuningdek, u internet orqali Suriyadagi jangarilar bilan aloqa o‘rnatib, ularning yo‘l-yo‘riqlari hamda qo‘rsatmalari asosida «RF-Turkiya» yo‘nalishi orqali ularning safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgani aniqlandi va buning oldi olindi, deyiladi axborotda.

Hozirda Q.T.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida uning aloqalarini aniqlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shunga o‘xshash holat Qarshi tumanida ham qayd etildi. Fuqaro R.S. (1985 y.t.) 2021 yilda Saudiya Arabistonida ishlashi davrida «Jihodchilar» diniy ekstremistik oqimi a’zolari ta’siriga tushgani hamda ular bilan aloqa o‘rnatib, oqim g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagani aytilmoqda.

«Yashash manziliga qaytganidan keyin ham o‘z yaqinlari orasida hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali diniy ekstremistik oqim g‘oyalari targ‘iboti bilan shug‘ullangan», — deyiladi xabarda.

Hozirda R.S.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 244−1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Unga nisbatan insonparvarlik tamoyili asosida «tilxat» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.