Hukumatning 12 iyuldagi qarori bilan O‘zbekistondagi yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni muhofaza qilishda kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha Xiva restavratsiya maktabi tashkil etiladi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, YUNESKO ko‘magida tashkil etilgan ushbu maktabga xorijdan ham yetakchi ekspertlar jalb qilinishi rejalashtirilgan.

«Maktab faoliyati YUNESKO, Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish xaqaro kengashi (ICOMOS), Madaniy boyliklarni asrash va restavratsiya qilish xalqaro tadqiqot markazi (ICCROM), O‘zbekistonda madaniy meros masalalari bo‘yicha tashkil qilingan Xalqaro maslahat qo‘mitasi hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslar bilan hamkorlikda tashkil etiladi», — deyiladi xabarda.

Maktabning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • tegishli mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil qilish va bu kurslarga mahalliy hamda chet ellik mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha markazga takliflar kiritish;
  • «ustoz-shogird» an’analarini rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarni olib borish, shuningdek, sohaga yangi usul, material va texnologiyalar, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini tatbiq etish bo‘yicha ilmiy-amaliy asoslangan takliflar tayyorlash;
  • malaka oshirish kurslarining tinglovchilarida amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda ular ishtirokida moddiy madaniy meros obektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirishni tashkil qilishda ko‘maklashish;
  • asrashga doir ishlar sohasida mahalliy va chet ellik ekspertlar ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar, anjuman va boshqa tadbirlar tashkil etish, shuningdek, uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish va eng yaxshi tajribalarni ommalashtirishda ishtirok etish.

Vazirlik xabarida qayd etilishicha, 2021 yilda Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi davlat muassasasi va bosqichma-bosqich uning davlat muassasasi shaklida Xiva, Samarqand, Buxoro, Termiz, Shahrisabz va Qo‘qon shahar mintaqaviy markazlariga asos solingan. Xiva restavratsiya maktabi direksiyaning Xiva shahar mintaqaviy markazida tashkil etiladi.