Toshkentning «Humo» hokkey klubi ikki yillik tanaffusdan keyin yana Qozog‘iston Pro ligasida ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, «Humo» hokkey klubi O‘zbekiston xokkey federatsiyasi bilan kelishuvga erishgan. Yaqin kelajakda Qozog‘iston Pro ligasida qatnashish bo‘yicha bitim va me’yoriy hujjatlar tuziladi. Jamoa Qozog‘iston kubogida ishtirok etishni ham rejalashtirgan.

«Umid qilamanki, bu O‘zbekiston va Qozog‘iston xokkey muxlislarini xursand qiladi. Qozog‘iston chempionatida mahoratli jamoalar yig‘ilgan, umuman olganda daraja yuqori. Ishonchim komilki, «Humo»ning turnirdagi ishtiroki mamlakatimizda xokkeyning ommaviylashuvi va rivojiga xizmat qiladi», — dedi O‘zbekiston xokkey federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Bahodir G‘afurov.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentning «Humo» hokkey klubi 2019/20 yilgi Qozog‘iston chempionatida qatnashib, 10-o‘rinni egallagandi.

Ma’lumot uchun, 2019 yil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba xokkey bo‘yicha mamlakat chempionati bo‘lib o‘tdi. Chempionatning final bellashuvida «Semurg‘» jamoasi «Binokor» ustidan g‘alaba qozongan holda xokkey bo‘yicha birinchi O‘zbekiston chempioniga aylangandi.