Jurnalist, siyosiy sharhlovchi Xayrulla Nuritdinov shanba kuni «O‘zbekiston24» telekanali orqali namoyish etilgan «Menimcha» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida Nukus voqealariga to‘xtalib o‘tdi.

«Agar bizda chinakam sotsiologik, politologik mustaqil tadqiqot institutlari ko‘p bo‘lganida edi va faol ishlaganida edi, nafaqat umumxalq kayfiyati, balki kam sonli xalqlarning ham ijtimoiy kayfiyati, o‘y-xayoli doimiy tadqiqot qilib kelinganda edi, mamlakat yetakchisi shuncha kuyunchaklik bilan tinimsiz tayinlab kelayotgan xalq bilan muloqot tizimida joylardagi sustkashlik tufayli uzilishlar bo‘lmaganida edi Qoraqalpog‘iston voqeasining oldini olish mumkin edi, menimcha», — dedi jurnalist.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar yuqoridagi choralar vaqtida ko‘rilganida qoraqalpoq xalqining ko‘chaga chiqqan vakillari buzg‘unchilarning aldovlariga uchmagan bo‘lardi.

«Albatta, o‘sha voqea O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish va O‘zbekiston xalqining ichiga nizo solish jinoyati bo‘ldi. Bunga albatta huquqiy baho, qonuniy jazo bo‘ladi», — dedi u.

«Menimcha» ko‘rsatuvi muallifi ayni shu voqealar fonida Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasiga ham o‘z nazdida tarif berib o‘tdi.

«O‘sha voqea paytida esa Shavkat Mirziyoyev 2 kun ketma-ket Nukusda bo‘lgani, odamlar bilan muloqot qilgani, bo‘lib o‘tgan voqealar adolatli va ochiq o‘rganilishi haqida qat’iy so‘z aytgani, Konstitutsiyada Qoraqalpog‘iston bilan bog‘liq masalaga nuqta qo‘ygani, aslida, davlatning kuchini namoyon qildi, menimcha. Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston zaminida yongan olovni o‘chirdi», — dedi Xayrulla Nuritdinov.

Uning fikricha, «O‘zbekiston tarixida o‘sha kunlar o‘chmas sahifa bo‘lib qoladi».

«Haqiqatni tan olaylik, O‘zbekiston yetakchisi Qoraqalpog‘istonni qutqarib qoldi, aslida», — dedi u.

Ko‘rsatuv davomida senator Oral Ataniyazova Nukus voqeasidan so‘ng, deputatlar bilan birga o‘zi saylangan hududdan ham boshqa joylarga borib, xalqning dardi, fikrini eshitayotganini ta’kidlagan.


«Jabr ko‘rgan xalqqa ulkan yordam berilayapti. Tez orada bugungi kungacha mavjud barcha muammolarni hal etish uchun mablag‘ ajratilib, kim qanday ariza yoki so‘rov berib murojaat qilgan bo‘lsa, bir necha kun ichida yechiladi. Kuni kecha bir ikki odam kredit olomayapman dedi, ana shu kreditni olib berish uchun men bugun ruxsat oldim. Hozir har bir deputat bir-ikki kun ichida tinmasdan xalq orasiga kirib, muhtojliklarini o‘rganib, keyin uni shtabga aytib, masala yechilishiga harakat qilayapti», — dedi u.

«Menimcha»da shuningdek, so‘nggi 5 yil ichida avval mutlaqo qilinmagan ishlar, jumladan, 1,730 mln gektar maydonga saksovul va boshqa chidamli o‘simliklar ekilgani, Mo‘ynoqning o‘ziga 1 trln so‘m ajratilgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, so‘nggi 5 yilda Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy og‘riqlariga javob topish uchun 17 trln so‘m yo‘naltirilgani, bugun qoraqalpoq aholisining daromadi 2016 yilga nisbatan deyarli 3 baravarga, YAIM esa 132 foizga o‘sgan. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 2016 yildagi 40 foizdan 68 foizga yetkazildi.

Yangi bog‘chalar, maktablar, universitetlar, shifoxonalar ochilganini ta’kidlagan Xayrulla Nuritdinov shunday dedi: «Bilgan biladi, bilmagan o‘zi biladi».

Avvalroq, «Gazeta.uz» muxbiri Nukusdagi namoyishlar haqida voqea joyidan bir qancha foto va tahliliy (1, 2, 3, 4) reportajlarni tayyorlagandi.

Bundan tashqari, xalqaro munosabatlar sohasi bo‘yicha mutaxassis Yuriy Saruxanyan Qoraqalpog‘istondagi fojea jamiyat bilan muloqot qilishga e’tibor berilmasligi hamda strategik muhim qarorlar parda ortida qabul qilinishi nimalarga olib kelishini namoyish qilgani haqida maqola yozgandi.