6 iyul kuni AQShda O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili Abdulaziz Kamilov BMT bosh kotibi bilan uchrashdi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Muloqotda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik hamda barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilingan.

Bosh kotib O‘zbekistonning 26 iyul kuni Toshkentda o‘tadigan «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot» mavzusidagi xalqaro konferensiyani o‘tkazish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, mazkur forumda BMTdan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishini bildirgan.

«Antoniu Guterrish O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari haqidagi ma’lumotlarni katta qiziqish bilan tingladi», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, tomonlar o‘zaro hamkorlik kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha ham fikr almashishgan.