21-iyul kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining mastahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvga tayyorgarlik masalalari Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarovning dushanba kungi telefon orqali muloqoti davomida muhokama qilingan.

Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati xabar berishicha, yetakchilarning navbatdagi uchrashuvi Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida o‘tkaziladi.

Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining barcha rahbarlari ushbu tadbirda ishtirok etish bo‘yicha taklifini allaqachon qabul qilishgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini ilgari surgandi. Birinchi sammit — 2018-yilning mart oyida Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda, ikkinchisi — 2019-yilning noyabrida Toshkentda, uchinchisi — 2021-yilning avgustida Turkmanistonning “Avaz” shahrida o‘tkazilgandi.