Chorshanba kuni prezident «Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan bilim va salohiyati, iste’dod va qobiliyatini namoyon etib, mamlakat taraqqiyotiga, uning shon-shuhratini jahon miqyosida yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 45 nafar yoshlar «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston mezbonlik qilgan futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogining kumush medali sohiblari, O‘zbekiston olimpiya jamoasining uch nafar a’zosi Xusain Norchayev, Hojimat Erkinov va Jasurbek Jaloliddinov «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi.

Jasurbek Jaloliddinov. Foto: O‘FA

Bundan tashqari, prezident seshanba kuni imzolagan qaror bilan 28 nafar yoshlar «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanishdi. O‘zAda e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi, boks boyicha Osiyo chempioni Elnur Abduraimov «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Elnur Abduraimov. Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Ma’lumot o‘rnida, «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli yigitlariga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalari va huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan yutuqlari uchun beriladi.

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari bilan birgalikda BHMning 50 baravari miqdorida pul mukofoti topshiriladi.