1 iyuldan kutilayotgan elektr va gaz tariflarining o‘zgarishi amalga oshirilmaydi, chunki bu boradagi qaror loyihasi hali ham ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, tariflarning o‘zgarishi hukumat qarori qabul qilingan kundan 15 kundan o‘tgach kuchga kiradi.

Qaror loyihasi yuzasidan fuqarolardan 1000 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ular Energetika, Moliya va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, tahlil qilinmoqda, deyiladi xabarda.

«Qabul qilingan takliflar bo‘yicha barcha xulosalar va mutaxassislarning xulosalari taqdim etilgandan so‘ng, ushbu masala bo‘yicha yakuniy va tegishli qaror qabul qilinadi», — deya ma’lum qildi Energetika vazirligi.

Eslatib o‘tamiz, hukumat qarori loyihasi bilan 1 iyuldan elektr energiyasi va gaz narxlarini oshirish, qolaversa, energiya resurslarini iste’mol qilishda ijtimoiy normalarni joriy etish taklif qilingandi.

Iqtisodiy rivojlanish vazirligi avvalroq yangi tariflar bo‘yicha aholi xarajatlari qanchaga oshishini hisoblab chiqqan edi.