Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda qat’iy karantin choralari yana kuchaytirilishi, virusning yangi shtammlari tarqalayotgani, shifoxonalarda «oyoq bosishga joy yo‘qligi» haqidagi audioyozuvlar tarqalmoqda.

SSV matbuot xizmati mazkur holatga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekovning munosabatini e’lon qildi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bu audioyozuvlarga yaxshilab e’tibor berilsa, «ular juda tanish tuyuladi».

«Chunki ushbu xabarlar kasallik avj olgan o‘tgan yilgi pandemiya davrida ham o‘rtaga chiqqan edi. Buni ulardagi leksika va umumiy manzaradan ham sezish qiyin emas. Bu xabarlardan birida virusning yangi shtammi tarqalib ketgani haqida so‘z boradi. Holbuki, ayni paytda yurtimizda koronavirusning asosan „omikron“ shtammi aniqlanmoqda. Bu bemorlarning 98 foizida kasallik yengil darajada kechyapti», — dedi Nurmat Otabekov.

SES vakili mazkur shtamm tarqala boshlaganiga, aslida, yarim yil bo‘layotganini eslatib o‘tdi.

«Hozirda bir kunda mamlakatda o‘rtacha 100−120 ta kasallanish qayd etilmoqda. Albatta, 35 million aholi orasida bu — juda kichik ko‘rsatkich. Shunday bo‘lsa-da, COVID-19`ga chalinmaslikning asosiy va eng samarali yo‘li vaksinatsiya bo‘lib turibdi. 2 yoki 3 bosqichli emlashni qabul qilgan fuqarolar 6 oydan so‘ng buster dozani olishlari, shundan 6 oy o‘tib, yana qayta emlanishlari mumkin», — dedi u.

Mutaxassis yuqoridagi asossiz xabarlarni tarqatayotgan kimsalar aholi orasida xavotir uyg‘otishga harakat qilayotganini qayd etdi. U shuningdek, fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarni sog‘lom aql bilan baholashlarini, ularni tarqatayotganda asosli ekanini tekshirib ko‘rishni so‘radi.

SSV ma’lumotlariga muvofiq, mamlakatda «Stels-omikron» subvarianti aniqlanishi ortidan infeksiyani yuqtirib olish holati ham orta boshladi, jumladan, 25 iyunda — 139 kishi, 26 iyunda — 133 kishi, 27 iyunda — 91 kishi, 28 iyunda esa — 98 kishining PZR-testi musbat natijani qayd etdi.

Biroq shunga qaramasdan hanuz karantin choralarini tiklash yoki niqob taqish majburiyatini joriy etish bo‘yicha biror gap-so‘z yo‘q.

Shu bilan birga, mazkur voqealar rivojida — 27 iyun kunidan e’tiboran O‘zbekiston prezidenti ishtirokidagi barcha yuqori darajali tadbirlarda mansabdorlar va tashkilotchilar tibbiy niqob taqa boshladi.

Shu jumladan, dushanba kuni prezident Administratsiyasida o‘tkazilgan Toshkentda amalga oshiriladigan investloyihalar taqdimoti vaqtida birgina Shavkat Mirziyoyevning niqobsiz ekanligini ko‘rish mumkin.

Chapdan o‘ngga: Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov, prezident maslahatchisi Ravshan Gulyamov, bosh vazir o‘rinbosari — ITSV rahbari Sardor Umurzakov, uning o‘rinbosari Aziz Voitov, poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Bundan tashqari, prezident raisligida 28 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham barcha ishtirokchilarni niqobda o‘tirganini ko‘rish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 martidan e’tiboran O‘zbekistonda niqob taqib yurish majburiy talabi bekor qilingandi. «Chunki mana viloyatlarda ham defakto hech kim niqob taqmay qo‘ydi», — degandi o‘shanda bosh vazir Abdulla Aripov. Qolaversa, jamoat transporti, bozorlar, ta’lim muassasalari, teatr, muzeylar, masjidlarda niqob taqish tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lishi belgilangandi.