Oxirgi kunlarda O‘zbekiston prezidenti raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda mutasaddilar yana niqobda ko‘rinish bermoqda. Buni davlat rahbari matbuot xizmati tarqatgan fotosuratlar tasdiqlaydi.

Iyun oyining o‘rtalaridan boshlab mamlakatda aniqlanayotgan koronavirus holatlari statistikasi oshgani kuzatilmoqda, shu munosabat bilan jamoatchilikda jamoat joylarida majburiy niqob kiyish talabini qaytarish rejalashtirilyaptimi, degan savol tug‘ilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Epidemiologiya va yuqumli kasalliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Rustam Ikromov ushbu savolga quyidagicha javob berdi: «Hozircha jamoat joylarida tibbiy niqob taqib yurish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyaning qarori kelmadi, biroq sog‘liqni saqlash va ehtiyotkorlik yuzasidan tibbiy niqoblarni taqib yurishni maslahat beramiz»

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda koronavirusning omikron shtammi ko‘proq uchramoqda. «Kasallikka chalinayotganlar orasida 90 foizi — emlanmagan fuqarolar. Qolgani 10 foizi esa vaksina olganiga 1 yildan ko‘p bo‘lgan, immuniteti past fuqarolar yoki homilador ayollar va bolalardir».

«Hozirga qadar ro‘yxatga olingan barcha vaksinalar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda va shu munosabat bilan mamlakatimizda aynan shu vaksinalardan foydalanish davom ettiriladi», — deya qo‘shimcha qildi u.