AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum yozda Toshkentdagi uch yillik missiyasini yakunlamoqda. U bu lavozimda 2019 yilda ish boshlaganiga qaramasdan, uning avvalgi faoliyati ham O‘zbekiston va mintaqa bilan chambarchas bog‘liq edi. 2014−2018 yillarda Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosida AQSh davlat kotibining yordamchisi o‘rinbosari bo‘lgan, ungacha esa uzoq yillar davomida AQShning Yevropa, Yevroosiyo va Markaziy Osiyoga ko‘maklashuv koordinatori sifatida faoliyat yuritgan.

AQSh Mustaqillik kuni arafasida hamda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan «Gazeta.uz»ga bergan katta intervyusida diplomat rasmiy Vashingtonning O‘zbekiston va umuman mintaqadagi ustuvor yo‘nalishlari, mamlakatdagi islohotlarning yutuq va muvaffaqiyatsizliklari, OAV faoliyati, jumladan, ular tomonidan Ukrainadagi urushning yoritilishi, Twitter bloklanishi haqida so‘zladi. Shuningdek, u davlat boshqaruvida tiyib turish va muvozanatning ahamiyati, konstitutsiyaviy islohotlar, Jorj Kennanning «Uzun telegramma"si, SSSR va bugungi Rossiya siyosiy tizimlari o‘rtasidagi o‘xshashliklar hamda sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Suhbat 2022 yil iyun oyining birinchi o‘n kunligida o‘tkazilgan.

Video (ruscha subtitrlar bilan)

Intervyuning o‘zbek tilidagi (qisqartirilgan) matnli talqini

— Vashington xalqaro munosabatlarning zamonaviy tizimini qanday tasavvur qilmoqda?

— Global miqyosda Qo‘shma Shtatlar barqarorlik va tinchlikdan manfaatdor, chunki bu bizning xavfsizligimizni kafolatlashning eng yaxshi yo‘li, deb hisoblaymiz. Biz boshqa davlatlarning xatti-harakatlarida ma’lum darajada oldindan ayta olish imkoniyati (predictability) bo‘lishini istaymiz. Butun dunyodagi hamkorlarimiz bizlar bilan o‘zaro manfaatli savdo, iqlim o‘zgarishi yoki transmilliy jinoyat kabi global tahdidlarga, COVID kabi transmilliy kasalliklarga qarshi birgalikda harakat qilish haqidagi tasavvurlarimizni baham ko‘rishlarini istaymiz.

Yaxshi, barqaror hamkorlarga ega bo‘lish xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi. Har qanday davlatning tashqi siyosati mazkur mamlakat, uning xalqi, uning salomatligi va farovonligi manfaatlariga mos keladigan narsadan kelib chiqadi. AQSh bizning dunyo haqidagi qarashlarimizni baham ko‘radigan davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan va o‘rnatmoqda.

— AQShning Markaziy Osiyodagi tashqi siyosati qanday yondashuvlarga asoslanadi?

— AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini tushunishning boshlang‘ich nuqtasi unga mamlakatlarning joylashuvi kuchli ta’sir ko‘rsatishini tan olishdan iboratdir. Ular geografik jihatdan AQSh uchun katta strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqalarning markazida joylashgan: shimolda Rossiya, sharqda Xitoy, janubda Pokiston va Hindiston. Albatta, ma’lum sabablarga ko‘ra, Afg‘oniston, Eron. Bu mamlakatlarning barchasiga yaqinlik Markaziy Osiyoda har doim AQSh uchun manfaatlar mavjud bo‘lishini anglatadi va biz bu yerda nimalar bo‘layotganiga befarq emasmiz.

AQShning mintaqadagi siyosati ikkita asosiy tamoyili yoki maqsadi — barqarorlik va suverenitetдaн iboratdir. AQSh ushbu mamlakatlar barqaror bo‘lib qolishi, tashqi va ichki omillar ta’sirida beqarorlashtirilmasligi va terrorizm uchun potensial maydonga aylanmasligidan juda manfaatdor edi va shunday bo‘lib qoladi.

Milliy xavfsizligimiz manfaatlari, AQSh fuqarolarini himoya qilish qobiliyatimiz va dunyodagi manfaatlarimiz, agarda ushbu davlatlar ba’zida biz bilan kelishmovchiliklar yuzaga kelib turadigan tashqi derjavalarga qaram bo‘lmagan kuchli mustaqil aktorlar (subyektlar) bo‘lsa, yaxshiroq himoya qilinadi. Biz har bir davlat oyoqqa turib, tashqi va ichki siyosatida mustaqil qaror qabul qilishini istaymiz. Bu, albatta, nafaqat sobiq SSSR tarkibidagi Markaziy Osiyoning beshta davlatiga, balki butun sobiq Ittifoqqa ham taalluqli.

— AQSh uchun mintaqa bilan muloqot qilishda afzal ko‘riladigan formatlardan biri, bu — C5+1 (mintaqaning beshta mamlakati+AQSh). Ammo so‘nggi yillarda bu aloqalar sustlashganga o‘xshaydi. Sababi nima bo‘lishi mumkin?

— Faoliyat sustlashdi, deb o‘ylamayman, biroq ehtimol, ularga kamroq e’tibor qaratilmoqda, chunki ishlarning aksariyati parda ortida va sezilmaydigan tarzda amalga oshirilmoqda. Yiliga kamida bir marta vazirlar darajasida muntazam uchrashuvlarimiz bor. Muayyan masalalar bo‘yicha quyi darajadagi ekspertlar yig‘ilishlarini o‘tkazamiz.

Biroq C5 bo‘yicha eng muhim tadbir yoki o‘zaro aloqa — mintaqaning beshta davlati o‘rtasida kechayotganlaridir. AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi ishtirokisiz, chunki hozir dunyoning deyarli har bir davlati o‘zining «C5+» formatiga ega: Yaponiya, Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Xitoy, Hindiston — har kimning shu kabi o‘z formati bor. Lekin pirovardida «beshtalik» davlatlarning o‘zlari hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha birgalikda ishlashga qaror qilishlari yanada muhimroqdir. Bu ham sodir bo‘lmoqda va O‘zbekiston beshta davlat rahbarlarining birga yig‘ilishlarini ta’minlab, ushbu yo‘nalishda yetakchi bo‘lmoqda — bu e’tirof etishga arziydi.

— AQShning O‘zbekiston bo‘yicha tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘zlab bersangiz.

— Muxtasar qilib aytganda, har ikki tomon uchun hamkorlikning beshta ustuvor yo‘nalishi belgilangan.

Birinchidan, xavfsizlik sohasida. Bu huquq-tartibot idoralari va qurolli kuchlarimiz qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdagi hamkorlikdir. Biz O‘zbekiston harbiylarini ba’zi texnologiyalar va jihozlar bilan ta’minlaymiz, umumiy tahdidlar: terrorizm; transmilliy jinoyatlar: giyohvand moddalar savdosi, odam savdosi kabi xavf-xatarlarni bartaraf etishda birgalikda ishlaymiz.

Ikkinchidan, iqtisodiy sohadagi hamkorlik. Har ikki tomon ham savdo va sarmoya darajasini oshirishni istaydi. Biz Amerika kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga jalb qilmoqchimiz. Bu yerda bir qator yirik Amerika kompaniyalari, shuningdek, bir nechta kichik kompaniyalar qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik va ichimliklar ishlab chiqarish (Coca-Cola) va mashinasozlikda faoliyat yuritmoqda. Ammo biz yanada ko‘prog‘ini xohlaymiz.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish — prezident [Shavkat] Mirziyoyevning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash. Biz buni texnik yordam, almashinuv va ekspertiza orqali amalga oshiramiz. Bilaman, bu hukumat uchun ustuvor vazifa, chunki bizdan yordam so‘ralyapti, lekin islohotlar muvaffaqiyatli bo‘lishi biz uchun ham ustuvor masaladir.

To‘rtinchi yo‘nalish — gumanitar masalalar va inson huquqlari. Biz paxta sektorida majburiy mehnat muammosi ustida yaqindan ishlaganimiz va ulkan muvaffaqiyatlarga erishganimiz borasida bir qancha yorqin misollar bor. Biz diniy erkinlik hamda boshqa huquq va erkinliklar masalalari bo‘yicha ham jiddiy ish olib bormoqdamiz. Biz rivojlanishni ko‘ryapmiz, biroq ko‘proq ish qilish kerakligi aniq.

Beshinchi ustuvor vazifa, bu — xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishдир. Har ikki davlat uchun ham ko‘proq odamlarning bir-birlarinikiga sayohat qilishlari juda muhim: talabalar, olimlar, ishbilarmonlar, sog‘liqni saqlash mutaxassislari o‘rtasida ko‘proq almashinuv bo‘lishi kerak.

Aloqalar hukumatlar bilangina cheklanib qolmasa, kuchliroq bo‘ladi. Biz shunchaki kostyum-shim kiygan amaldorlarning stol atrofida o‘tirib, bir-birlari bilan gaplashishini istamaymiz. Biz o‘zbek va amerikalik xalqlarning hamkorlikda ishlashini, yangi narsalarni yaratishini, fikr almashishini xohlaymiz. Bu juda kuchli munosabatlarning asosini tashkil qiladi.

— Yaqinda Cotton Campaign koalitsiyasi o‘zbek paxtasiga boykotni bekor qildi. Amerika brendlarini bu yerga jalb qilish uchun mamlakat nima qilishi kerak? Sizningcha, bu kompaniyalarni jalb qilish mumkinmi yoki to‘siqlar bormi?

— Menimcha, ba’zilar boykot bekor qilinishi bilan kompaniyalar o‘zbek ipi, matolari yoki paxtasini sotib olish uchun bu yerga yog‘ilib kelishini kutishgan. Ammo bu hali amalga oshgani yo‘q yoki juda sekin sodir bo‘lmoqda.

Eng avvalo, O‘zbekistonning yutug‘ini e’tirof etish zarurki, besh-olti yil ichida mamlakat majburiy mehnatdan butunlay voz kechdi. Biroq paxtadan tayyorlangan mahsulotlardan foydalanmoqchi bo‘lgan moda brendlari va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilarining yurtingizga kelishi oson emas.

Odamlarni mamlakatdagi vaziyat o‘zgarganiga ishontirish uchun qandaydir tushuntirish ishlarini olib borish zarur. Butun dunyodagi kompaniyalar va odamlar obro‘ga qarashadi va u o‘zgarishi kerak.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda transport muammolari va geografik joylashuvi tufayli ta’minot zanjiri bilan bog‘liq ba’zi muammolar mavjud — mamlakat dengizga chiqa olmaydi. Buni ham yengish kerak.

Ushbu kompaniyalarning aksariyati o‘z obro‘siga juda ehtiyot bo‘lishadi. Ular uchun Cotton Campaign koalitsiyasi boykotni bekor qilganini bilish yetarli emas. Ishbilarmonlik aloqalari o‘rnatilgandan keyin ham shunday bo‘lib qolishiga ishonch hosil qilishni xohlashadi.

Va bu shunchaki majburiy mehnat bilan bog‘liq emas. Bu muhim, lekin har doim ekologiya, mehnat sharoitlari yoki ishchilarning huquqlari, uyushmalar erkinligi bilan bog‘liq muammolar mavjud, agar ishchilar xohlasalar, o‘z kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga ega bo‘lishlari va hech kim ularga qandaydir kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lishni aytolmasligi kerak. Bu narsalarga ham ishonch komil bo‘lishi kerak.

Mamlakat paxta sanoati bunday «sug‘urta»ni ta’minlash, yaxshi sharoitlarni kafolatlash uchun xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga intilmoqda. Shu bois men ushbu sohaning uzoq muddatli istiqbollariga optimistik qarayman, lekin bu tezda sodir bo‘lmaydi.

— Ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar o‘tkazishda yordam ko‘rsatilishi haqida to‘xtalib o‘tdingiz. Mamlakatda AQSh elchisi bo‘lib ishlagan yillar davomida hukumatning qaysi siyosatini muvaffaqiyatli, qaysi birini muvaffaqiyatsiz deb aytgan bo‘lardingiz?

— Muvaffaqiyat, birinchi navbatda, prezident Shavkat Mirziyoyev qariyb olti yil muqaddam mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy tizimini tubdan o‘zgartirishga qaror qilganida o‘z ifodasini topadi. U eng boshidan yo‘lga qo‘ygan va haligacha tadrijiy ravishda joriy etib kelayotgan ayrim yondashuvlar mavjud muvaffaqiyatlarga olib keldi.

U: «Biz qanday ishlayotganimiz yoki o‘tmishda nimadir sodir bo‘lganini tanqid qilishdan hamda nimanidir noto‘g‘ri qilganimizni tan olishdan qo‘rqmaymiz. Ikkinchidan, biz zamon bilan hamnafas bo‘lish va unga moslashishga harakat qilyapmiz. Ehtimol strategiyani o‘zgartirishga to‘g‘ri kelar. Uchinchidan, tashqi yordamlarni olqishlaymiz, texnik ko‘mak ko‘rsatadigan xalqaro moliyaviy institutlar, AQSh, YeI va boshqa xorijiy davlatlar hukumatlarini olqishlaymiz», — degan edi. Bularning barchasi juda muhim.

Dastlabki bosqichda haqiqiy muvaffaqiyatlar bo‘ldi, masalan, valyutani erkin konvertatsiya qilish. Nazarimda, ko‘pchilik Soliq kodeksi va me’yoriy-huquqiy bazani isloh qilish biznes yuritish nuqtai nazaridan ozmi-ko‘pmi muvaffaqiyatli bo‘ldi, deb o‘ylaydi. Sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida juda muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi va bu biz faol hamkorlik qilayotgan sohalardir.

Siz «muvaffaqiyatli» va «muvafaqiyatsiz» deb aytdingiz. Men buni «muvaffaqiyatsizlik» emas, balki ayni paytda muvaffaqiyatning yetishmasligi yoki hali qilinishi kerak ishlar ko‘p deb aytgan bo‘lardim. Misol uchun, hamma xohlayotganidan ancha sekin ketayotgan xususiyлaштирishni qayd etgan bo‘lardim. U to‘siq va bar’erlarga to‘qnash kelmoqda, iqtisodiyotning gullab-yashnashi uchun esa xususiy sektor iqtisodiyotning katta qismini tashkil etishi juda muhimdir.

Prezident va uning jamoasi eng boshidanoq iqtisodiyot va hatto ijtimoiy institutlarni isloh qilishning o‘zi yetarli emasligini tan oldi. Bir vaqtning o‘zida siyosiy institutlar, boshqaruv bilan ham shug‘ullanish kerak. Davlat boshqaruvi sohasida jarayon juda sust kechmoqda, ehtimol ushbu yo‘nalishda o‘zgarishlarni amalga oshirish juda qiyinligidandir. O‘ylaymanki, ba’zi joylarda muayyan qarshiliklar bor. Shunday odamlar borki, barchasini muayyan shaklda bajarishga odatlangan va o‘zgarishlarni xohlashmaydi. Shunday qilib, bu qiyin va rivojlanish unchalik katta bo‘lmagan.

Umuman olganda, men prezident, uning jamoasi va hukumatni bu ishlarni amalga oshirishga intilayotganini yuqori baholayman, chunki ular bu o‘zgarishlar mamlakatingiz iqtisodiyotini rivojlantirish va yuksaltirish, ish o‘rinlari yaratish uchun zarur ekanligini tan oldilar. Lekin shuni ham eslatib o‘tmoqchimanki, hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p va ba’zi narsalar o‘zgarmayapti. Masalan, ko‘plab vazirlik va davlat idoralarida salohiyat yetishmaydi. Prezident va boshqalar buni tan oladilar.

Ko‘p narsani bir vaqtda o‘zgartirishga harakat qilganingizda, ustuvor yo‘nalishlarni joy-joyiga qo‘yishingiz qiyin kechadi. Ustuvor yo‘nalishlarni joy-joyiga qo‘ymaganingizda, barchasini bir vaqtda bajarishga harakat qilganingizda esa, muvaffaqiyatga erishish juda qiyin bo‘ladi. Biroq ular juda ulkan vazifani zimmalariga oldilar.

— Yaqinda qilgan chiqishlaringizdan birida so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda eski zamonlarni aks ettiruvchi holatlar kuzatilayotganini ta’kidladingiz. O‘zbekiston o‘tmishga qaytmaslik uchun nima qilishi kerak? Islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlash uchun jamiyat sifatida nima qilishimiz mumkin?

— Jamiyat sifatida qilishingiz mumkin bo‘lgan narsalar bor va hukumat qilishi kerak bo‘lgan narsalar mavjud. Albatta, jamiyat va hukumat hamohang va bir-birini aks ettiradi, deb umid qilgingiz keladi.

Ushbu chiqishda men, ayniqsa, so‘nggi bir yarim yil ichida biz o‘tmishda qolgan deya umid qilgan ba’zi tendensiyalarni ko‘rayotganimizni ta’kidladim. Odamlarni o‘z fikrlarini bildirmasliklari, erkin gapirmasliklari uchun bosim va qo‘rqitish, ayniqsa diniy tomondan o‘ta xavfsiz holatda bo‘lgan va o‘z masjidi yoki cherkovini ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lgan diniy ozchilik vakillariga bosim o‘tkazilayotgani va bu borada qiyinchiliklarga duch kelishayotganini nazarda tutyapman.

OAV masalasiga kelsak, bizga o‘ta soxta ko‘ringan ayblovlar bilan sudlangan va uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan blogerlar ishini nazarda tutgan edim. Ular faol yoritib, nimanidir aniqlashga harakat qilganliklari uchun shunday ko‘yga tushganga o‘xshaydi. Bu tendensiya xavotirlarni uyg‘otmoqda.

Biz bu tendensiya hammasi ochiq hamda so‘z erkinligi kabi huquqlarga toqatliroq va hurmat bilan munosabatda bo‘lingan ikki-uch yil oldingi holatga qaytishini istardik.

O‘zbekiston xalqining mustaqillikka erishgunga qadar, ming yillar avvalgi tarixiga qaytadigan bo‘lsak, madaniyatingiz va jamiyatingizning kuchliligi shundaki, u turli ta’sirlar, turli madaniyatlarni qabul qilgan. Aynan mana shu madaniyatlar aralashmasi bu yerda bo‘lganimda menda kuchli taassurot qoldirdi. Men mamlakat bo‘ylab sayohat qilib, fors, arab, xitoy, rus madaniyati tarixi qatlamlarini kashf qilganimda hayratda qolaman va bu aralashma — sizning kuchingizdir.

Kelajakka nazar tashlaydigan bo‘lsak, haqiqiy kuch tashqi dunyoga ochiq bo‘lish, xilma-xilliklarga bag‘rikeng bo‘lib, ularni olqishlay olishдaдир. Bu vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun tayanch nuqta bo‘ladi.

— EPMM (Professionallar va OAV uchun ingliz tili — tarj.) bitiruvchilari oldidagi nutqingizda bugungi kunda jurnalistlar qizil chiziqlar bilan tanishayotganini ta’kidladingiz. Jurnalistlar ularni qanday yengishlari mumkin?

— Men ochiq aytib o‘tgan va hozir ham mavjud, deb hisoblaydigan bir «qizil chiziq» Ukrainadagi urushni OAVda yoritilishi bilan bog‘liq. O‘ylaymanki, hozirda «ukrainaparast» deb qabul qilinishga sabab bo‘ladigan hamma narsani chop etishda «qizil chiziq» mavjud va bu, mening fikrimcha, Ukrainadagi urushda sodir bo‘layotgan voqealarga obyektiv ravishda bog‘liq bo‘lgan hamma narsani anglatadi. O‘ylaymanki, O‘zbekistonning ichidagi masalalar: korrupsiya, ijtimoiy masala va muammolarni yoritish bilan bog‘liq boshqa ko‘plab holatlarda ham qizil chiziq bor deb hisoblayman.

Umuman olganda, bugungi kunda yoritish va jurnalistika muhiti olti yoki yetti yil avvalgiga qaraganda ancha yaxshilanganini qayd etish muhim. Bu haqiqatdan ham shunday. Jurnalistlar nomidan gapirishni xohlamayman. Ayrim jurnalistlar bunday deb hisoblamasliklari ham mumkin. Biroq faqatgina yaxshi narsalar emas, yoritish sifati, ko‘tarilayotgan masalalar spektri, jamiyatdagi muammolarni yoritish qobiliyatini ko‘rganimda, bugungi vaziyat olti yoki yetti yil avvalgiga qaraganda ancha yaxshilangan deb hisoblayman.

Biroq muammo shundaki, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishda davom etishi kerak, chunki u ortga qaytishni boshlasa, ancha uzoqqa chekinishi mumkin va bu so‘z erkinligi uchun juda yomon.

Va faqatgina so‘z erkinligi uchun yomon bo‘lmaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘z chiqishlarida o‘z ishini qat’iyat bilan bajarayotgan, haqiqatni ochishga urinayotgan, jamiyat haqidagi faktlarni fosh qilishga intilayotgan jurnalistlarga ega erkin matbuot islohotlar uchun o‘ta muhim ekanini ta’kidlaganini ko‘p eshitganman. Agarda OAV o‘z vazifasini shunday ado etmasa, islohotlar muvaffaqiyatli chiqmaydi.

Bu siz rasmiy manbalardan eshitmaydigan korrupsiyalarni fosh qilish, xato va kamchiliklarni aniqlash bilan bog‘liq. Shunday qilib, o‘rtaga juda ko‘p narsalar tikilgan. Gap nafaqat jurnalistlarning o‘zi yozmoqchi bo‘lgan narsani yozish huquqi, balki mamlakatingiz kelajagi, uning taraqqiyoti, islohotlar muvaffaqiyati haqida ham ketmoqda.

Kengayish, ochilish va OAVga ko‘proq erkinliklar berishni davom ettirish, orqaga qaytmaslik muhim. Aytganimdek, biz kuzatayotgan tendensiya boshqa yo‘nalishda ketayotganga o‘xshaydi. Va bu meni tashvishga solmoqda.

— Bilasiz, O‘zbekistonda Twitter bloklangan. Bu haqda qanday fikrdasiz? Uning blokdan chiqarilishidan mamlakatga qanday foyda bor?

— Bu borada qat’iyman: Twitter blokdan chiqarilishi kerak. Uni bloklash sabablarini tushunmayman.

O‘ylaymanki, Twitter`ni blokdan chiqarish hozir sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan eng muhim narsa emas, chunki ko‘p odamlar baribir VPN orqali unga kirish imkoniyatiga ega. Ammo bu qaysidir ma’noda turli nuqtai nazarlarni ifodalashga va g‘oyalarni erkin almashishga tayyorlik ramziga aylanardi.

Bu mamlakatingizning dunyoga ochiqligini ko‘rsatadi, mening nazarimda prezident va boshqalar mana shunday imidj va reputatsiyaga ega bo‘lishdan manfaatdor.

— Islohotlar mavzusiga qaytsak, bugun jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinayotgan Konstitutsiyalarga o‘zgartishlar kiritish mavzusini chetlab o‘ta olmaymiz. Bo‘lg‘usi konstitutsion islohotlardan nimalarni kutmoqdasiz? Hukumat yoki jamiyatga nimalarni tavsiya qilgan bo‘lardingiz?

— O‘tirib konstitutsiyada nimalar bo‘lishi kerakligini yozib berishni xohlamayman, bu mening vakolatimga kirmaydi.

Har bir mamlakat o‘zi, qadriyatlari va ehtiyojlariga mos konstitutsiyani ishlab chiqishi kerak. Biroq har qanday konstitutsiyada belgilanishi kerak bo‘lgan bir qator asosiy tamoyillar mavjud. Ular hozirgi konstitutsiyada yo‘q deb aytmayman, biroq hozircha unga tuzatishlar kiritilyapti, buni tushunish muhim.

Eng avvalo Konstitutsiya hamma tomonidan asosiy deb qabul qilingan muayyan huquqlar: tayanch inson huquqlarini kafolatlashi kerak. Bu e’tiqod erkinligi, ya’ni istagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi biriga e’tiqod qilmasligingiz mumkinligi; so‘z erkinligi, ya’ni OAV erkinligini anglatadi, biroq siz hatto bir o‘zingiz bo‘lgan taqdiringizda ham ochiq fikr bildira olishingizni bildiradi; uyushmalar erkinligi, bu sizning boshqa odamlar bilan uyushmalar, siyosiy partiyalar tashkil etishingiz yoki kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish yoki atrof-muhitni muhofaza qilishga mablag‘ yig‘ish uchun NNT ochish yoxud butun boshli bir qator narsalarni amalga oshirish, fuqarolar umumiy maqsadlarga erishish yo‘lida o‘zaro birlashish imkoniyati demakdir. Sanab o‘tishni unutgan boshqa narsalar bo‘lishi ham mumkin, biroq bu bandlar har qanday konstitutsiyada bo‘lishi lozim.

Konstitutsiya davlat hokimiyatini cheklashi kerakлигиni ham ta’kidlashni istardim. Buni biz o‘z tariximizdan o‘rgandik hamda Konstitutsiyamiz va Huquqlar to‘g‘risidagi Billni (AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan hamda inson va fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari, shuningdek, ularni tatbiq etish mexanizmlarini belgilab bergan ilk 10 ta tuzatishning norasmiy nomi — tahr.) yozgan «Asoschi otalarimiz» buni yodda tutganlar.

Har bir mamlakatda bu o‘zicha shakllanadi. Bu hamma uchun bir xil bo‘lmaydi. Siz britancha, fransuzcha, xitoycha yoki amerikacha tizimni qabul qilmaysiz. Biroq ushbu hujjatda biz tiyib turish va muvozanat tizimi deb ataydigan narsangiz bo‘lishi kerak.

Bu hokimiyatning turli tarmoqlari o‘rtasida muvozanat borligini va hokimiyatni tiyib turish tizimingiz bo‘lishini anglatadi, chunki bir kishi yoki bir institutning juda ko‘p hokimiyatga ega bo‘lishi mamlakat uchun yomon. Bu yomon qarorlarga olib keladi. Oxir-oqibat bu korrupsiyani keltirib chiqaradi. Shuning uchun asosiy hujjat, bu konstitutsiya haqiqatda cheklovlar, tiyib turish va muvozanat tizimini o‘rnatishi kerak.

— May oyida Davlat departamenti vakili Donald Lu O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘zbek hukumati bilan uchrashuvda AQSh Rossiyaga joriy etilgan sanksiyalar oqibatlari fonida O‘zbekistonning rivojlanish rejalarini qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi. O‘zbekiston qanday ko‘makni kutishi mumkin?

— Umid qilamizki, yaqin vaqtlarda hukumat bilan hamkorlikda ayniqsa qishloq xo‘jaligi sektorida va qishloq joylarda ko‘proq bandlikni ta’minlash, ko‘proq ish o‘rinlarini yaratish hamda urush natijasida vujudga kelgan iqtisodiy vaziyat tufayli Rossiyadan qaytayotgan migrantlarga qaratilgan bir qator yangi tadbirlar, dasturlarni amalga oshiramiz. Biz ushbu loyihalarni ishlab chiqyapmiz va asosan USAID — AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan ayrim choralar mavjud. Biroq biz yanada ko‘proq ish qilishni xohlaymiz.

Shuningdek, hukumatga sanksiyalar bilan bog‘liq juda murakkab vaziyatni tushunishga yordam bermoqdamiz, chunki har doim ham sanksiyalarni: nimaga ruxsat berilgan, nimaga yo‘qligini tushunish oson bo‘lavermaydi. Shuning uchun biz vaziyatni tushunishga ko‘maklashib, tavsiyalar bermoqdamiz.

Biz vaziyatning iqtisodiyotga, mehnat muhojirlari va ish joylariga ta’siriga e’tibor qaratmoqchimiz. USAID orqali amalga oshirilayotgan dasturlarimiz barcha muammolarni hal qiladi deb ayta olmayman, lekin Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa banki kabi donor va tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz, umid qilamanki, ushbu qiyin davrni birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan yengib o‘ta olamiz.

— VoA uchun bergan intervyungizda AQSh Ukrainadagi urush bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini tushunishini ta’kidladingiz. Siz Amerika haqiqiy neytrallikni ko‘rishni xohlashini ham aytdingiz. Neytralitet deganda nimani tushunasiz va O‘zbekistondan nima kutilmoqda?

— Biz O‘zbekiston tushib qolgan pozitsiyani to‘liq tushunamiz va hurmat qilamiz. O‘zbekiston suverenitet, mustaqillik, hududiy yaxlitlik kabi tushunchalarni yuksak qadrlashini ham bilamiz. O‘zbekiston rasmiylari ushbu tamoyillar Ukraina uchun ham muhim ekanini ochiqchasiga ta’kidladi.

Lekin, ayni paytda, O‘zbekiston hukumati vakillari aytganidek, mamlakatingiz nafaqat Ukraina, balki Rossiya bilan ham muhim aloqalarga ega. Rossiya bilan aloqalar ayniqsa muhim hisoblanadi. Tarixiy-madaniy aloqalarni aytmaganda ham, uzoq yillik iqtisodiy aloqalarga ega yaqin qo‘shni sifatida O‘zbekiston Rossiya bilan yaxshi munosabatlarda bo‘lishi kerak. Biz buni tushunamiz.

Shuningdek, hukumatingiz O‘zbekiston bu mojaroda betaraf bo‘lishini aytdi. Bizning betaraflikni tushunishimiz shundan iboratki, O‘zbekiston bundan keyin ham har ikki tomonga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi, aloqalarni saqlab qoladi va bir tomon ikkinchisidan to‘g‘riroq ekanini ko‘rsatadigan harakatlarga yo‘l qo‘ymaydi. Men Ukraina, Ukraina hukumati bilan qo‘shma muloqot yoki aloqa o‘rnatishga urinishlarni hali ko‘rmadim.

Urush boshlanganidan beri Rossiya hukumati bilan ko‘plab tadbirlar, uchrashuvlar, tashriflar bo‘lib o‘tdi. Men bunday bo‘lmasligi kerak, demayman. Yana aytganimdek, bu munosabatlar davom etishi lozim. O‘zbekiston Rossiya bilan munosabatlardan manfaatdor.

Ammo hozir buning Ukraina hukumati bilan shu kabi munosabatlar yoki o‘zaro aloqalar orqali muvozanatlashini ko‘rmayapman. Adolat uchun, Ukraina hukumati hozir biroz chalg‘igan, chunki ularning mamlakatiga bostirib kirilgan va ular urush holatida. Lekin, nazarimda, har ikki yo‘nalishda ham sa’y-harakatlar amalga oshirilsa, muvozanatlashgan bo‘lardi. Adolat uchun aytish kerakki, O‘zbekiston Ukrainaga muayyan gumanitar yordam yetkazib bergan. Yaqinda yana bir partiya yetib bordi va bu juda muhim.

Bizning nuqtai nazarimizga ko‘ra, muammo sifatida qayd etiladigan yana bir narsa — bu Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarning yoritilishi, axborot oqimi. Bizningcha, O‘zbekistondagi axborot oqimida Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarning haqiqiy manzarasini taqdim etuvchi ma’lumotlar juda kam va boshqa nuqtai nazarni ko‘rsatishga urinishlar ham oz. Biz bevosita Kremldan kelgan maqolalar Ukraina hukumati yoki Ukraina elchixonasidan hech qanday izoh olinmasdan, hech qanday muvozanatsiz matbuotda shunchaki qayta nashr etilganini kuzatdik.

Boshqacha nuqtai nazar, hikoyaning boshqa tomonlari ham bor. Muvozanatning yo‘qligidan bizga betaraflik yo‘qdek ko‘rinadi. Ma’lumotni shu tarzda taqdim etish orqali siz amalda bir tomonga yon bosgan bo‘lasiz. Bular bizni xavotirga solayotgan masalalardir.

Lekin biz O‘zbekiston qanday vaziyatda ekanini tushunamiz. Ikki tomonlama munosabatlarimiz har qachongidan ham mustahkam. Bu bizning ikki tomonlama munosabatlarimizga ta’sir ko‘rsatmadi, lekin bu biz diqqat bilan kuzatib borayotgan va bizda biroz xavotirlarni uyg‘otayotgan narsa.

— Urush boshlanganidan beri ko‘plab ekspertlar, olimlar Rossiya siyosiy tizimi, qarorlar qabul qilinishi va nima uchun bu sodir bo‘lganini tushunishga harakat qilishmoqda. Men Jorj Kennanning «Uzun telegramma"sini qisqacha muhokama qilish hamda unda ta’rif berilgan 1940 yildagi Sovet siyosiy tizimi va hozirgi Rossiya siyosiy tizimi o‘rtasida qanday o‘xshashliklar borligini ko‘rib chiqishni taklif qilmoqchi edim.

— Universitetda tarix fakultetida tahsil olganim uchun bu savolni bergan bo‘lsangiz kerak. Men haligacha tarixni yaxshi ko‘raman. Shuningdek, o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslik uchun tarixni tushunish va undan saboq olish biz uchun nihoyatda muhim, deb hisoblayman.

Men Rossiyaning hozirgi tashqi siyosati tahliliga chuqur kirib borishni istamayman, chunki O‘zbekistondagi elchi sifatida Rossiya tashqi siyosati bo‘yicha AQSh vakili bo‘lish mening vazifam emas, lekin qisqacha bir-ikki fikrlarni aytib o‘taman.

«Uzun telegramma»ni o‘qiganimga ancha yillar bo‘ldi. Suhbatimizda ushbu mavzu ko‘tarilishi mumkinligini aytganingiz uchun uni 30 yil deganda qaytadan o‘qib chiqdim. Ehtimol, uni oxirgi marta magistratura paytida o‘qigandirman. U biz bugun ko‘rib turgan narsalarni shunchalar aniq tasvirlab berganidan hayratga tushdim, bu bunchalar tanish eshitilganidan ajablandim.

Kennan AQSh hukumatidan bo‘lgan Vashingtondagi auditoriyaga Sovet tashqi siyosatining realligi qanday bo‘lgani hamda kutilmalarimizga qanday o‘zgartishlar kiritishimiz va harakatlarimizni mos ravishda o‘zgartirishimiz kerakligini tushuntirishga harakat qilgan. Men Ikkinchi Jahon urushidan keyin ba’zilar, ayniqsa Gitlerga qarshi kurashda Sovetlar bilan ko‘p aloqada bo‘lganlar Stalin va Sovet rejimiga «ishonch krediti» berishga hamda, ehtimol, ularga moslashishga tayyor bo‘lgan, degan gumondaman, chunki biz ittifoqchi bo‘lganmiz va birgalikda yaqindan jang qilgandik. Kennanning qayd etishicha, sog‘lom siyosat yuritish uchun mavjud tizimning mohiyatini va undan kelib chiqadigan tashqi siyosatni tushunish kerak. U tizim qanday ishlagani hamda unga rus tarixiy an’analari va qarashlari, shuningdek, kommunizm, marksizm-leninizm mafkurasi va boshqalar qanday ta’sir ko‘rsatganini chuqur tahlil qilishga intilgan.

Men Sovet Ittifoqining tashqi siyosati tahlili hamda Kennan AQSh siyosati uchun ishlab chiqqan tavsiyalar bilan bugun o‘zim ko‘rib turganlar o‘rtasida ba’zi noqulay parallellar mavjudligini aytgan bo‘lardim. Biroq bu nafaqat AQSh, balki bugun Ukrainadagi urush bilan bog‘liq ushbu sa’y-harakatlarda Qo‘shma Shtatlarning o‘ziga xos ittifoqdoshi hisoblangan boshqa ko‘plab mamlakatlarga ham tegishli.

Haqiqatan ham muhim bo‘lgan muayyan tamoyillar bor, ular orasida suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik eng asosiylari hisoblanadi hamda biz ushbu tamoyillarni himoya qilishda izchil va qat’iy bo‘lishimiz kerak.

— Kennan Sovet hukumati tashqi dunyodan o‘ta bexabar bo‘lgan, deb yozgan edi. U hatto Stalinning o‘zi ham tashqi dunyo haqida qandaydir obyektiv ma’lumotlarga ega bo‘lganiga shubha bilan qarashini aytgan. Ma’lumki, to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun siyosatchilar o‘zlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga asoslanadilar. Qanday qilib siyosatchi reallikdan uzilmasligi va hamma narsadan xabardor bo‘lishi mumkin?

— Bu haqiqatan ham alohida yetakchilar, nafaqat davlat rahbarlari, balki tashkilot yoki elchixonalar rahbarlari uchun ham juda muhim masala.

To‘g‘ri qaror qabul qilish uchun yetarlicha xabardorlik hamda kerakli axborot va ma’lumotlarga ega bo‘lish juda muhim. Buni amalga oshirishning kaliti, bu — birinchi navbatda, shunchaki yagona manbaga tayanib qolmasdan, ma’lumotlarni turli manbalardan izlashda. Xilma-xil manbalar haqida gapirganimda, o‘z doirangizdan tashqaridagi manbalar, masalan, nafaqat tashkilotingiz ichidagi suhbatlar, balki OAVni kuzatish yoki sharhlovchilar fikrini o‘qish yoxud universitetlarning siz qiziqayotgan mavzularni o‘rganuvchi vakillari bilan suhbatlashishni nazarda tutaman.

Buni O‘zbekistonda mahalliy matbuotni o‘qish, har kuni ertalab «Gazeta.uz»ni tekshirish, shuningdek, mamlakat bo‘ylab sayohat qilish va har bir hududdagi odamlar bilan suhbatlashish, tadbirkorlar, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashish, oliy o‘quv yurtlariga tashrif buyurish, talabalar bilan muloqot qurish orqali amalga oshirishga harakat qilaman. Ma’lumotlarni iloji boricha ko‘proq manbalardan to‘plash juda muhimdir.

Shuningdek, odamlar o‘zining noroziligini bildira oladigan va yomon xabar olib kelishdan qo‘rqmaydigan muhit yaratish juda muhim.

Dunyoning avtoritar tizimga ega avtoritar davlatlarining ko‘pchiligida biz kuzatgan, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsa shundaki, hech kim rahbarga yomon xabar yetkazishni istamaydi, chunki boshiga yomon narsa tushishidan qo‘rqadi. Bundan qochish juda muhim.

Bundan odamlar yomon xabarlar yoki noroziligini bildira oladigan muhit yaratish orqali qochish mumkin. Siz boshqacha fikrda ekaningizni ichingizga yashirasiz, buni ochiq aytmaysiz. Sizda «Menimcha siz nohaqsiz, xo‘jayin!» — deyishga tayyor odamlar bo‘lishi kerak. Bu to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun o‘ta zarurdir.

— Aprel oyida Abdulaziz Kamilov tashqi ishlar vaziri lavozimini tark etdi. Uzoq vaqtdan beri uni yaqindan taniydigan inson sifatida uni diplomat sifatida qanday ta’riflagan bo‘lardingiz? U bilan munosabatlaringiz qanday?

— Abdulaziz Kamilov — ajoyib diplomat. Shuncha yil davomida u bilan ishlash men uchun katta sharaf edi, chunki biz nafaqat oxirgi uch yil O‘zbekistonda bo‘lganimda, balki avvalgi ish joylarimda ham birga ishlaganmiz.

U o‘z mamlakati va o‘z prezidentini taqdim etishda juda fidokor. U har doim O‘zbekiston manfaatlarini himoya qiladi, lekin buni shunday amalga oshiradiki, boshqa davlatlardan bo‘lgan kishilarda ham uni qo‘llab-quvvatlash istagi paydo bo‘ladi. U sizni o‘z tomoniga og‘dirish hamda O‘zbekiston istiqbolini tushuntirib berishga mohir. U buni uzoq vaqt, taxminan 25 yil davomida amalga oshirdi. U tashqi siyosatingizning yuritilishida doimo ishtirok etgan. O‘sha davrning yetti yilini Vashingtonda O‘zbekiston elchisi sifatida o‘tkazdi. U bu tajribasidan har bir muzokarada foydalangani aniq.

Aytishim mumkinki, u hamisha dono, odamlarga iltifotli va mehribon, ularga e’tiborli bo‘lgan. U sizni O‘zbekiston nuqtai nazariga juda samarali ishontira olardi.

Ammo u hali ham muhim siyosiy rolni o‘ynamoqda. Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari sifatida yangi ish boshlaganidan beri bizda u bilan rasmiy uchrashish uchun bir qancha imkoniyatlar bo‘ldi. Shuning uchun men janob Kamilov bilan yana ko‘p yillar ishlashni intiqlik bilan kutib qolaman.

Suhbatdosh Davlat Umarov