O‘zbekistonda «Yashil makon» umummilliy harakati doirasida 2021 yilning kuz va joriy yilning bahor mavsumida jami 213 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazigan matbuot andumanida Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari ma’lum qildi.

Shundan 86 mln tup manzarali, mevali daraxt va butalar 2021 yil kuzida ekilgan bo‘lsa, 127 mln dona ko‘chat joriy yilning bahor mavsumida o‘tqazilgan.

Mas’ul tashkilotlarga daraxt ko‘chatlarini parvarishlash bo‘yicha 10 577 ta majburiy ko‘rsatmalar berilgan. Ko‘rsatma talablarini lozim darajada bajarmagan 109 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 311 mln so‘m (har biriga o‘rtacha 2,8 mln so‘m) miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Respublikadagi yirik, o‘rta va kichik mahallalarda jami 70 mln 800 ming dona, umumiy avtomobil yo‘llari yoqalariga 72 mln 500 ming dona terak ko‘chat va qalamchalari ekildi. Sug‘orish tizimini yaxshilash bo‘yicha 238 ta quduqlar qazildi. Daraxt va butalarni sug‘orish, parvarish va muhofaza qilish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarga biriktirildi.

Bundan tashqari, tuman (shahar)larda mavjud 740 ta suv tashish avtotransportlari ko‘chatlarni sug‘orish ishlariga jalb etildi.

Ta’kidlanishicha, aholi punktlarida «yashil bog‘lar», daraxtzor va butazorlarni barpo etish, qayta tiklash va parvarish qilish ishlarini samarali amalga oshirish hamda sug‘orish tizimi bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bunda, sug‘orish tizimini tashkil etish, mavjud sug‘orish tizimlarini ta’mirlash va suv tashish avtotransportlarini ko‘chatlarni sug‘orish ishlariga doimiy ravishda jalb etish kerak.

Ekilgan ko‘chatlarni parvarish qilish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda 9349 ta mahallalardagi shakllangan «Daftar"larga kiritilgan va boshqa ishsiz fuqarolarni jalb qilib, mas’ul shaxslarni biriktirish hamda ularga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ish haqi to‘lab borishni tashkillashtirish lozim.

Daraxt va butalarning zararkunandalari hamda kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlariga mahalliy budjetlar qo‘shimcha manbalarining 2 foizigacha miqdordagi mablag‘lari ajratilishini ta’minlash talab etiladi.

Ekilgan daraxt ko‘chatlarini payhon qilinishini oldini olish va chorva mollaridan asrash kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hisob palatasi «Yashil makon» loyihasidagi ko‘chat ekish hisobotlarida 6,2 mln ko‘chat qo‘shib yozilgani, 3,4 mln dona ko‘chatlar daraxt va ko‘chatlar sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ekilgani, 2,4 mln tupi qurib qolganini aniqlagandi.

Prezident 2021 yilning noyabr oyida umummilliy «Yashil makon» loyihasiga start berib, uning doirasida 200 mln dona ko‘chat ekish rejalashtirilgan edi. O‘tgan yilning kuzida 85 mln tup ko‘chat ekilgan bo‘lsa, bahorga 125 mln tup ko‘chat o‘tqazish belgilangandi. Davlat rahbari ko‘chat ekishda qo‘shib yozish holatlarini bir necha bor tanqid qilgandi.

Aprel oyida BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ko‘chat ekishda kompleks parvarishlash va boshqarishsiz daraxtlar taqdirini oldindan aytib bo‘lmasligini, shuning uchun ekishning texnik-iqtisodiy asoslanishi va loyiha ishtirokchilarining yanada muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari zarurligini ta’kidlagandi.

Iyun oyida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, BMTTD va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamkorligida «O‘zbekiston Respublikasining „Yashil makon“ tashabbusini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bosh rejalashtirish va innovatsion moliyaviy yechimlar» qo‘shma loyihasini ishga tushirdi.