Yevropa Ittifoqi Rossiyadan oltin olib kirishni taqiqlashni muhokama qilishga tayyor. Bu haqda Yevroittifoq prezidenti Sharl Mishel Bavariyaning Elmau qasrida bo‘lib o‘tgan G7 sammiti doirasidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozadi RBK.

«Biz ko‘rib chiqishga, o‘rganishga tayyormiz. Iqtisodiyotimizga qandaydir zarar yetkazmasdan Rossiya iqtisodini nishonga olish mumkinmi yoki yo‘qligini ko‘ramiz», — dedi Mishel.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vazifa Yevropa davlatlari uchun umumiy bo‘lib, u Rossiya hukumati va harbiy operatsiyalarni moliyalashtirishga zarba berishga mo‘ljallangan. Sharl Mishelning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni Yevropa va uning hamkorlari iqtisodiga zarar yetkazmasligi uchun «moslashtirish va aniqlashtirish»ga harakat qilmoqda.

Avvalroq, 26 iyun kuni AQSh prezidenti Jo Bayden va Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiya oltinini import qilishni taqiqlashini ma’lum qilgan edi. Britaniya hukumati so‘nggi oylarda ushbu qimmatbaho metalga G‘arb sanksiyalarining moliyaviy oqibatlaridan qochish uchun oltin quymalarini sotib olishga shoshilayotgan rossiyalik «oligarxlar» orasida talab borligini ta’kidladi.

«Bugun biz e’lon qilgan choralar rossiyalik oligarxlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba beradi va Putinning urush mashinasining markaziga zarba beradi. [Vladimir] Putin kamayib borayotgan resurslarini bu bema’ni va vahshiy urushga behuda sarflamoqda», — dedi Boris Jonson.

Taqiq yangi metall qazib olish uchun tatbiq etiladi, u ilgari Rossiyadan eksport qilingan oltinga ta’sir qilmaydi. Londonning ishontirishicha, chora-tadbirlar kiritilgunga qadar qonuniy ravishda sotib olingan Rossiya oltiniga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish rejalashtirilmagan.

Rossiya dunyodagi eng yirik oltin eksportchilaridan biridir. RF Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya oltin qazib oluvchi kompaniyalar o‘tgan yili 346,4 tonna oltin ishlab chiqargan. RBKning «FTS» statistik ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, qazib olingan metallning katta qismi (302,2 tonna, qariyb 87%) xorijga yetkazib berilgan, bu esa 17,4 mlrd dollar daromad keltirgan.

Ukrainada urush boshlanganidan beri oltin kotirovkalari unsiya uchun 2050 dollargacha ko‘tarildi va so‘nggi oylarda qimmatbaho metall 1800−1850 dollar atrofida sotilmoqda. Rossiyadan oltin importini cheklash narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin.

2021 yilda O‘zbekiston xorijga 4,1 mlrd dollarlik oltin sotdi, bu mamlakat umumiy eksportining 24,7 foizini tashkil etadi. Yanvar-mart oylarida oltin eksporti, asosan MDHdan tashqari davlatlarga, 2,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu davrda jami eksportning 51,5 foizi oltinga to‘g‘ri keldi.

Oltin narxining yuqoriligi O‘zbekiston uchun foydali. XVJ buning natijasida O‘zbekiston pandemiya davrini nisbatan xavfsiz tarzda yengib o‘tganini ta’kidladi.