Narkotik moddalarni nazorat qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan 1 tonna 933 kg. 695 gr. giyohvandlik vositalari yo‘q qilindi, deya xabar berdi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Maxsus pechda — 133 kg. 713,5 gr. geroin, 159 kg. 478 gr. opiy, 1 tonnadan oshiq gashish, 300 kg. 786 gr. marixuana, 79 kg. 842,5 gr. ko‘knor, 247 kg. 150,4 gr. kannabis hamda turli xildagi psixtrop va psixofaol moddalar yoqib yuborildi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda 2021 yilda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 7142 ta jinoyat fosh etilgan. 2020 yilda bu ko‘rsatkich 6032 tani tashkil qilgan.

2021 yilda respublikada giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishida 1 tonna 864,4 kg. miqdordagi narkotik moddalar musodara qilingan. O‘tgan yili giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni amalga oshirgan shaxslarning 131 nafari chet el fuqarolari bo‘lganligi aytildi.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 186 ta holatda 558,4 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Yo‘q qilingan narkotik moddalarning 530 kg dan ortig‘i bojxonachilar tomonidan tezkor tadbirlarda ushlab qolingan.