O‘zbekiston prezidentining vakolat muddati 5 yildan 7 yilgacha uzaytirilishi rejalashtirilmoqda. Bu 25 iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda Konstitutsiyaning 90-moddasi 2-qismiga o‘zgartirishlar kiritish, ya’ni “besh” so‘zini “yetti” so‘zi bilan almashtirish nazarda tutilgan. 2-qism quyidagi tahrirda bayon etiladi:

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan 7 yil muddatga saylanadi. Prezident saylovini o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan belgilanadi.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safayev yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi barcha fuqarolarga, jumladan amaldagi prezidentga ham davlat rahbari saylovida ishtirok etish imkonini berishini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Shavkat Mirziyoyev “hokimiyatga yopishib olgan siyosatchi emas”.

Oxirgi marta prezidentlik muddati 2011 yilda o‘zgartirilgandi. Keyin muddatlar 7 yildan 5 yilgacha qisqartirildi.