Koronavirusga gumon qilingan aholiga, shuningdek, COVID-19 infeksiyasi aniqlangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Toshkent shahrining barcha 12 ta tumanida bitta maxsus poliklinika faoliyatini qaytadan tiklamoqda. Bu haqda poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 24 iyundagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Maxsus poliklinikalar ro‘yxati

Tuman nomi

Muassasa nomi

1

Bektemir tumani

Bektemir tumani MKTP

2

Mirobod tumani

5-son ftiziatriya dispanseri

3

Uchtepa tumani

23-son oilaviy poliklinika «Birlik» filiali

4

Mirzo Ulug‘bek tumani

1-son ftiziatriya dispanseri

5

Yakkasaroy tumani

58-son oilaviy poliklinika

6

Sergeli tumani

11-son oilaviy poliklinika

7

Olmazor tumani

3-son ftiziatriya dispanseri

8

Chilonzor tumani

Shahar Ftiziatriya va pulmonologiya markazi

9

Yunusobod tumani

4-son ftiziatriya dispanseri

10

Shayxontohur tumani

42-son oilaviy poliklinika

11

Yashnobod tumani

2-son ftiziatriya dispanseri

12

Yangihayot tumani

Shahar teri-tanosil dispanseri

Toshkentning 11 ta tumanida koronavirusga gumon qilingan shaxslar va infeksiyali bemorlar uchun 1 tadan maxsus poliklinika ilk bor 2021 yil iyulida tashkil etilgan edi. Har bir poliklinikaga 3 tadan tibbiy brigada biriktirilgan. Ular rentgen, kislorod kondensatorlari, pulsoksimetr, dori-darmon va tibbiyot vositalari bilan ta’minlangan.

23 iyun kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev O‘zbekistonda koronavirus omikron-shtammining eng yuqumli deb aytilayotgan Stealth-Omicron BA.2 varianti aniqlanganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta davomida kasallanish dinamikasining biroz ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Jumladan, joriy yilning 17 iyun kunida 90 ta, 18 iyun kuni 108 ta, 19 iyun kuni 93 ta, 20 iyun kuni 87 ta, 21 iyun kuni 82 ta, 22 iyun kuni 98ta kasallik qayd etildi.