23 iyun kuni soat 00:30larda Samarqand viloyati Toyloq tumani «Charog‘bon» mahallasi hududidan o‘tuvchi A-377 avtomobil yo‘lining 7-kilometrida sodir bo‘lgan YTH natijasida uch kishi halok bo‘ldi, besh kishi jarohatlandi. Bu haqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Toyloq tumani IIB HPB profilaktika inspektori leytenant M. Xursandov boshqaruvidagi Nexia 2 yo‘lning Urgut yo‘nalishi tomon qayrilayotgan bo‘lgan. Biroq unga qarama-qarshi tomonidan harakatlanib kelayotgan Toyloq tumanida yashovchi fuqaro (2003 y.t.) A. P. boshqaruvidagi Malibu kelib urilgan.

Natijada, Nexia 2 da bo‘lgan M. Xursandov, yo‘lovchilari Toyloq tumani IIB HPB katta profilaktika inspektori mayor R. Razzoqov hamda Toyloq tumanida yashovchi fuqaro Sh. M. (1957 y.t.) olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Nexia 2 ning qolgan yo‘lovchilari — Toyloq tumanida yashovchi A. I. (1992 y.t.) va N. M. (1994 y.t.) hamda Malibu haydovchisi A. P., yo‘lovchilari Toyloq tumanida yashovchi A. M. (2005 y.t.) va A. R. (2004 y.t.) tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan 23 iyun kuni Toyloq tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston JKning 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.