«To‘palang GES» unitar korxonasi direktori Asror Ulug‘ov va Sariosiyo tumani FVB boshlig‘i ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan To‘palang suv omboridan suv chiqayotgani aks etgan videolar bo‘yicha bayonot berdi.

«Bugun ijtimoiy tarmoqlarga chiqqan To‘palang suv ombori haqidagi xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida soat 10:28 da jonli efirda chiqyapman. Mana, suv omborida ko‘rib turganingizdek hammasi joyida. Har doimgidek nazorat o‘lchov ishlari olib borilib, suv omborida hech qanday [favqulodda] holat bo‘lgani yo‘q», — dedi GES rahbari.

Chapdan o‘ngga: «To‘palang GES» UK direktori va Sariosiyo tumani FVB boshlig‘i.

«Suv omboridan chiquvchi daryomiz 600 metr kubga mo‘ljallangan, hozirda kanaldan 160 metr kub sig‘imda suv oqyapti. Hech qanday vahimaga hojat yo‘q. GESda bo‘lgan holat bo‘yicha ishlar olib borilyapti. 1−1,5 soat ichida bu holat bartaraf etiladi. [Bu bo‘yicha] yana qo‘shimcha ma’lumot beramiz», — dedi Asror Ulug‘ov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, suv ombor sig‘imi 500 mln metr kubga mo‘ljallangan, hozirgi kunda 378 mln metr kub suv yig‘ilgan. «Bu degani [suv omborida] yana 120−130 mln metr kub suv sig‘imi mavjud. Suv omborida hech qanaqa ortiqcha holat kuzatilgani yo‘q», — deya qayd etdi u.

Shuningdek, holat bo‘yicha Sariosiyo tumani FVB boshlig‘i, podpolkovnik Rahmonov ham munosabat bildirdi. «Ushbu holat bo‘yicha kelib, tekshiruv ishlari olib bordik. Xalqimizni vahima qilishiga hech qanaqa hojat yo‘q. Hamma tomoni yaxshi. Suv ombor dambalari o‘z joyida turibdi», — dedi u.

«O‘zbekgidroenergo» munosabati

Holat bo‘yicha «O‘zbekgidroenergo» AJ batafsilroq izoh berib, ko‘p miqdorda suv toshishiga nima sabab bo‘lganini tushuntirishga urindi.

«Modernizatsiya loyihasi doirasida sinov ishlari olib borilayotgan bosimli suv quvuri to‘sini shikastlanib, qo‘shimcha 40 metr sekund atrofida suv miqdori GES binosi orqali chiqqan. Barcha kuchlar safarbar qilinib, ayni vaqtda muammo bartaraf etilmoqda. Natijada umumiy suv sarfi 160 metr kub sekundga ko‘tarilgan hamda To‘palang daryosiga yo‘naltirilgan», — deyiladi xabarda.

Ushbu holatda To‘palang suv ombori to‘g‘oni bilan bog‘liq biror-bir muammo kuzatilmagani qo‘shimcha qilingan.

Ta’kidlanishicha, 160 metr sekunddagi suv sarfi miqdori To‘palang daryosi o‘zani uchun mutlaqo xavfsiz hisoblanib (daryoning suv o‘tkazish qobiliyati 600 metr sekund), omborning pastki qismda yashovchi aholi xonadonlari va korxonalar uchun hech qanday salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

«Ushbu voqea natijasida shikastlanganlar va jabr ko‘rganlar mavjud emas. Vaziyat to‘liq nazorat ostida», — deyiladi xabarda.

Energetika vazirligi munosabati

«Bugungi kunda To‘palang GESda modernizatsiya qilish va GES quvvatini 30 MVtdan 175 MVtga oshirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, modernizatsiya jarayonida bosimli suv quvuriga o‘rnatilgan vaqtinchalik tiqinning shikastlanishi natijasida soniyasiga 40 kub metr suv sizib chiqqan», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirda bosimli quvurdan suv sizib chiqish to‘xtatilgan. Vazirlikka ko‘ra, bu holat to‘g‘on holatiga hech qanday ta’sir qilmagan va To‘palang suv ombori to‘g‘oniga shikast yetmagan.

Shuningdek, ayni paytda «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi hodisa sabablarini o‘rganish va bunday holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish maqsadida voqea joyiga yetib borgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlardagi Surxondaryodagi To‘palang suv omboridan suv chiqayotgani aks etgan videolar bo‘yicha FVV suv omboridan chiqayotgan suv tashlamasi rejaviy ko‘rsatkichdan oshib ketganini ma’lum qilgandi. «O‘zbekgidroenergo»ning birinchi munosabatida suv ombori to‘g‘oni suv qo‘yib yuborgani haqidagi xabarlar rad etilgan edi.