Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha tuzilgan maxsus komissiyaning 26 maydagi birinchi yig‘ilishidan xattoki bir oy muddat o‘tmasidan turib, «O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi tayyorlandi.

Bu haqda 22 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishi yakunida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

«Amaldagi Konstitutsiyaning 83-moddasiga muvofiq, loyiha deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida quyi palataga kiritildi. Qonun Konstitutsiyaning 66 ta moddasiga 170 dan ortiq tuzatishlar kiritishni nazarda tutmoqda», — dedi deputat Jahongir Shirinov.

Ta’kidlanishicha, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar «inson-jamiyat-davlat» prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy Konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyaning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

Qo‘mitalarning qo‘shma yig‘ilishida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritishga ijobiy xulosa berildi. Qayd etilishicha, loyihaga quyi palata Kengashi ham palatada ko‘rib chiqish mumkinligi to‘g‘risda qaror qabul qildi.

Loyiha endi partiyalar fraksiyasi majlisilarida muhokama qilinadi va yakunda Qonunchilik palatasining yalpi majlisiga birinchi o‘qishga kiritiladi.

«Yalpi majlisda konseptual jihatdan deputatlarimiz tomonidan ko‘rib chiqilganidan keyin qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga chiqarish haqidagi takliflarimiz ham tayyorlanmoqda», — dedi Jahongir Shirinov. Ya’ni, deputatlar ma’qullagach Bosh qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni tasdiqlash maqsadida referendum o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya 20 may kuni Oliy Majlis Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida tuzilgandi. Unga rahbar etib quyi palata Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov tayinlangandi.

Oradan 6 kun o‘tib, 26 may kuni Komissiyaning birinchi yig‘ilishi o‘tkazilib, unda asosan tashkiliy masalalar ko‘rilib, takliflar bilan ishlash tartibi belgilab olingandi. Komissiya matbuot xizmati har haftada bir marotaba yig‘ilish o‘tkazilishi takliflar muhokama qilib borilishi aytilgandi.

Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bugunga qadar komissiya atigi 5 marotaba (shundan bittasida tashkiliy masala ko‘rilgan) yig‘ilish o‘tkazgan — 26-may, 3 iyun, 10 iyun, 17 iyun. 18 iyunda Senat va Qonunchilik palatasining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

20 iyun kuni esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashib, o‘zining takliflarini bildirdi.

Konstitutsiyaviy komissiyaning maxsus saytiga yuborilgan takliflar asosida «Gazeta.uz» fuqarolarning qiziq va muhim takliflarini bir nechta (1, 2) materialga to‘plab, chop etgandi.

Ularda prezidentning vakolat muddatini o‘zgartirish, «fuqaro» atamasini «vatandor» ga almashtirish, qo‘shfuqarolik va qo‘shxotinlikka ruxsat berish, Bosh prokuraturani Adliya vazirligiga qo‘shib yuborish, hokimlar va senatorlarni saylash, davlat boshqaruvini o‘zgartirish, prezidentga impichment hamda bosh vazirga ishonchsizlik votumini e’lon qilish tartibini joriy etish, bodikamerasi yo‘q ichki ishlar xodimining maqomini oddiy fuqaroga tenglashtirish, o‘zbek tilini bilishni majburiy qilish kabi takliflar o‘rin olgandi.