O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiyaning Afg‘onistonga tashrifi doirasida qo‘shni mamlakat muvaqqat hukumati bosh vaziri o‘rinbosarlari — Mulla Abdul G‘ani Barodar va Abdusalom Hanafiy bilan muzokaralar o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash istiqbollarini, shuningdek, Afg‘oniston hududida energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida O‘zbekiston tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan turli infratuzilma loyihalarini muhokama qildilar, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston rahbariyatiga mamlakatga ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordami, shuningdek, milliy iqtisodiyotni tiklash borasidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri v. b. Amirxon Muttaqiy va Afg‘oniston ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy bilan ham muzokaralar o‘tkazdi. Unda siyosat, xavfsizlik sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tashrifni Afg‘oniston matbuoti ham keng yoritdi. TOLOnews xabariga ko‘ra, Abdul G‘ani Barodar bilan uchrashuvda Afg‘onistonning xalqaro hamjamiyat bilan aloqalari va iqtisodiy loyihalarni qayta tiklash masalalari muhokama qilingan, deyiladi Barodar idorasi tarqatgan bayonotda.

Ichki ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, vazir vazifasini bajaruvchi Haqqoniy delegatsiyaga «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan beri xavfsizlikni ta’minlay olgani va «qo‘shni davlatlar bilan chegarada xavfsizlik alohida ahamiyatga ega» ekanini aytgan.

«Har ikki tomon ham iqtisodiy imkoniyatlardan yaxshiroq foydalanishlari uchun ikki davlat o‘rtasidagi yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yishga intiladi», — deyiladi bayonotda.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, tomonlar Afg‘oniston-O‘zbekiston ikki tomonlama munosabatlari, tranzit va savdo-sotiqni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.

Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy O‘zbekistonning afg‘on xalqi bilan hamkorligini olqishlab, tomonlar hozirda «yaxshi siyosiy muhit»ga ega ekani, siyosiy va iqtisodiy aloqalar kengayib borayotganini ta’kidladi, deb yozadi Bakhtar axborot agentligi.

Shuningdek, Muttaqiy iyul oyi oxirida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun taklif qilindi. Qo‘shni mamlakat muvaqqat hukumati O‘zbekistonga Savdo vazirligi vakillari boshchiligidagi delegatsiyani yuborish istagini bildirdi.

Avvalroq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v. b. Vladimir Norov iyul oyi oxirida Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi. «U yerdagi vaziyat og‘ir iqtisodiy inqiroz va qiyin gumanitar vaziyat haligacha keskin holda turib, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar saqlanib qolmoqda», — degan edi u.