Shavkat Mirziyoyev Konstitutsion komissiya a’zolari bilan uchrashuvda O‘zbekiston prezidentining ikkita muhim vakolatini Oliy Majlisga o‘tkazishni taklif etdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi.

Buning uchun davlat rahbari, hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli qoidalarni Asosiy qonunda belgilash zarur ekanini ta’kidladi.

«Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash bo‘yicha farmon Senat tomonidan tasdiqlanishi tartibini joriy etishni taklif etaman. Hukumat tomonidan tayyorlangan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani muhokama qilish masalasini parlamentimiz vakolatiga kiritish lozim», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oliy Majlisning parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarining konstitutsiyaviy asoslarini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish kerak.

«Shu maqsadda men prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazishni taklif etaman. Misol uchun, Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatini Senatga o‘tkazish maqsadga muvofiq», — dedi u.

Uning fikricha, bu orqali Hisob palatasi Davlat budjeti shakllanishi va ijrosini ta’minlashda parlament nazoratining muhim vositasiga aylanadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Konstitutsiyani parlament vakolati bilan emas, balki referendum o‘tkazish yo‘li orqali o‘zgartirishni taklif qildi. «Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu — haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.