17 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab futbol ishqibozlari O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni yoshlar terma jamoalari o‘rtasida Osiyo kubogi U-23 final uchrashuvi chiptasini sotib olishga uringani aks etgan videoyozuv tarqaldi.

Odamlarning to‘planishi tartibsizlik va tiqilinchlarga olib keldi.

Videolardan birida Milliy gvardiya xodimi odamlardan orqaga chekinishni so‘raganini ko‘rish mumkin. Boshqa bir rolikda esa ikki xodim muxlislardan birini majburan olib ketishadi.

Yana bir nechta videoyozuvlarda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatilgani haqida xabar berilgan. Videodagi ko‘plab odamlar og‘iz va burunlarini ro‘molcha yoki kiyim bilan yopgani, shuningdek, yo‘talgani ko‘ringan. So‘ngra bir guruh Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari olomonni tarqatib yuborishadi.

«Ushbu videotasvirda ko‘rinib turganidek, chipta sotib olish mobaynida fuqarolarimizning bir-birini hurmat qilmaganliklari sababli tirbandlik sodir bo‘lgan. Ushbu hududda xizmat olib borayotgan xodimlar jamoat tartibini saqlanishini talab qilgan va ayrim fuqarolar tartibga chaqirilgan, lekin hech qanday kuch ishlatish yoki maxsus vositalardan foydalanish holatlari bo‘lmagan. Fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borilib, tez orada ular tarqatildi», — deyiladi xabarda.

Fuqarolar bilan tushuntirish ishlari o‘tkazildi va ular tezda tarqatib yuborildi, deyiladi xabarda.

Chiptalar bilan bog‘liq vaziyat

17 iyun kuni ertalab Professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev O‘zbekiston U23 — Saudiya U23 o‘rtasidagi final o‘yini uchun chiptalar shu kuni tushdan keyin sotuvga chiqishini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chiptalar sektoriga qarab 100, 50 va 25 ming so‘mdan sotilishi rejalashtirilgan.

U chiptalar haqidagi batafsil ma’lumot O‘FA rasmiy telegram kanalida berilishini qayd etdi. Chiptalarni iticket.uz sayti orqali ham xarid qilish mumkinligi aytildi. Kunduz kuni tarmoqlarda «Bunyodkor» stadioni kassalarida chiptalar e’lon qilingandan 4 baravar qimmatroqqa sotilayotgani haqidagi xabarlar tarqalishni boshladi. Faqat darvozalar orqasida bo‘sh joylar qolgani, markaziy tribunadagi chiptalar 250, 300 va 400 ming so‘mdan sotilayotgani ta’kidlandi.

Kunduzi iticket.uz saytida chiptalar sotuvi tez orada boshlanishi ko‘rsatilgan.

Biroq saytda chiptalar kechqurunga borib paydo bo‘ldi. O‘FA matbuot kotibi va sharhlovchi Davron Fayziyev kompaniya buni foydalanuvchilar yopirilishi natijasida yuzaga kelgan texnik nosozlik bilan izohlaganini qayd etdi.

PFL rahbari O‘zbekiston katta musobaqalarda tajriba to‘playotganini ma’lum qildi. U navbatdagi shunday musobaqada finalgacha bo‘lgan barcha uchrashuvlar uchun chiptalarni oldindan onlayn sotuvga chiqarishni taklif qildi.

«Shunda, aytaylik, finalni ko‘rmoqchi bo‘lgan haqiqiy muxlisda unga kirish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi. Faqatgina O‘zbekiston chiqsagina finalga boraman degan kishilarda nisbatan kamroq bo‘ladi. Guruh bosqichi o‘yinlari qaysi stadionda va kimlar ishtirokida o‘tishi oldindan aniq. Qolgan bosqichlarda stadionlar va vaqtlar aniq bo‘ladi, ammo juftliklar keyinroq kelib chiqadi. Muxlislar O‘zbekiston termasining imkoniyati va o‘yinlariga qarab chorak final, yarim final, final chiptasini harid qilishi mumkin. Bu hozirgidek holatga nisbatan yaxshiroq yechim bo‘lishi mumkin. Fakt shuki, bunday masshtabdagi o‘yinlarda maksimum 28 ming chipta sotuvga chiqadi. Talab esa milliondan yuqori. Narx ham shundan kelib chiqib belgilanadi. Biz katta musobaqalar mezbonligi orqali pand yeb, tajriba to‘plab, rejalashtirib boramiz. Hozirgi holatda O‘FA vakillariga ham, futbol muxlislariga ham sabr tilaymiz», — deb yozdi u.

Finalda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yarim final uchrashuvida Avstraliya yoshlar termasini 2:0 hisobiga mag‘lub etgan Saudiya Arabistoni U-23 jamoasi bilan uchrashadi. Osiyo chempioni tituli uchun kechadigan o‘yin 19 iyun kuni 18:00 da «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadi.