Meksikaning Leon shahrida bo‘lib o‘tayotgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida o‘zbekistonlik Nigora Suvonova uchta kumush hamda Abrorbek Ma’rufbekov bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

-76 kg vazn toifasida ishtirok etgan atlet Nigora Suvonova oltin medal uchun kurashda misrlik raqibiga imkoniyatni boy berdi. U dast ko‘tarishda 91 kgni o‘ziga bo‘ysundirib, kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, siltab ko‘tarishda 119 kg toshni ko‘tarib, kumush medaliga ega chiqdi.

Ikki mashq yakuni bo‘yicha umumiy hisobda 210 (91+119) kg natija ko‘rsatgan Nigora Suvonova Misr vakili Rahma Elsayedga (215, 95+120 kg) imkoniyatni boy berib, bu bo‘yicha ham kumush medalni qo‘lga kiritdi. Mazkur yo‘nalishda uchinchi o‘rinni meksikalik Stefani Espinoza egalladi — 200 (90+110) kg.

Shuningdek, -96 kg vazn toifasidagi bahslarda bellashgan Abrorbek Ma’rufbekov 133 kg natija bilan dast ko‘tarish mashqida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ma’rufbekovning vazn toifasidagi umumiy bahslarda Gruziya vakili Gervasi Tabagari 317 (140+177) kg natija bilan oltin, turkmanistonlik Saparli Muhiyev 300 (133+167) kg ko‘rsatkich bilan kumush hamda mezbonlar vakili Pablo Medina 300 (131+169) kg natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonlik atlet esa bu yo‘nalishda 299 (133+166) kg ko‘rsatkich bilan to‘rtinchi bo‘ldi.

Avvalroq o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Diyorbek Ermatov o‘smirlar o‘rtasidagi mazkur Jahon chempionatida ikkita kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.