Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda mamlakatlar bir-birlariga nisbatan tashqi savdoni erkinlashtirish siyosatiga o‘ta boshlashdi — xuddi Napoleon urushlaridan keyingi davrda globalizatsiyaning birinchi to‘lqini vujudga kelgandek. Xususan, tadqiqotlarga ko‘ra, Napoleon urushlaridan keyingi davrda transport xarajatlari va tashqi savdoga nisbatan siyosiy cheklovlarning barqaror qisqarib borishi resurslar va tovarlarning erkin harakatiga zamin yaratgan. Keyinroq, Birinchi jahon urushigacha davom etgan mazkur integratsiyalashuv jarayonlari tarixda globalizatsiyaning birinchi to‘lqini sifatida e’tirof etilgan.

Mutaxassislar orasida tashqi savdoning erkinlashtirilishi mamlakatlar o‘rtasida turli mojaro va urushlar yuzaga kelishi ehtimolini kamaytiradi hamda mamlakatlar o‘z qiyosiy ustunliklaridan foydalangan holda, mavjud salohiyatini yuzaga chiqarishiga imkon yaratadi va, pirovardida, farovonlikning oshishi va iqtisodiy o‘sishning tezlashishiga xizmat qiladi, degan qarashlar mavjud. Shu nuqtai nazardan, Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda dunyo miqyosidagi jadal o‘sish sur’atlari yuqoridagi qarashlarning isboti, deyish mumkin.

XX asrning oxiriga kelib — 1995 yilda, salkam o‘n yil davom etgan muzokaralardan so‘ng, davlatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini tartibga solish, xalqaro savdoning bir ma’romda va imkon qadar erkin amalga oshirilishini ta’minlashga mas’ul xalqaro tashkilot — Jahon savdo tashkilotiga asos solindi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk yillardan boshlab Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish istagini bildirgan hamda 1994 yilda tashkilotga kirish maqsadida ariza topshirgan. Biroq, oradan shuncha yillar o‘tishiga qaramasdan, haligacha mazkur tashkilotga a’zo bo‘lib kirmagan. 2017 yildan keyingi davrda tashkilotga qo‘shilish masalasi yana kun tartibiga qaytdi, ayni paytda a’zo bo‘lish istagi kuchaygan, bu boradagi sa’y-harakatlar jonlangandek tasavvur uyg‘ota boshladi.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish nimani anglatadi?

Hozirgi kunda dunyoning 164 ta davlati Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo. Global savdo hamda dunyo YAIMining qariyb 98 foizi aynan JSTga a’zo davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, JST a’zo davlatlar orasida bo‘ladigan savdo aloqalarini tartibga soluvchi va xalqaro savdoning imkon qadar erkinlashishiga xizmat qiluvchi tashkilot hisoblanadi.

Tashkilotga a’zo bo‘lish O‘zbekistonda tashqi savdoga nisbatan to‘siqlarning hozirgi darajadan pasayishiga olib keladi, ayni paytda dunyo mamlakatlariga integratsiyani kuchaytiradi. Albatta tashqi savdoga nisbatan to‘siqlarning qay darajada qisqarishi a’zo davlatlar bilan bo‘ladigan muzokaralar davomida kelishiladi. Bunda asosiy savdo hamkorlarimiz (Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va boshqalar) bilan bo‘ladigan muzokaralar hal qiluvchi muzokaralar hisoblanadi. Umuman olganda, tashkilotga a’zo bo‘lish O‘zbekiston tashqi savdosining hozirgiga nisbatan erkinroq bo‘lishiga zamin yaratadi.

Davlatlar orasida integratsiyalashuv jarayonlari kuchayib borishi bilan mintaqaviy integratsion tashkilotlar ham rivojlana boshladi. Xususan, Yevropa Ittifoqi bunday tashkilotlarning eng birinchilaridan hisoblanadi. Mintaqaviy integratsion tashkilotlar turli jihatlariga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Birinchi navbatda, integratsiya jarayonlarining turli bosqichlari mavjud bo‘lib, hozirgi kunda integratsion tashkilotlar o‘rtasidagi farqni keltirib chiqaruvchi asosiy omil ham aynan tashkilotning qaysi bosqichda ekanligi hisoblanadi. Masalan, Yevro hudud hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bir-biridan farq qiladi. Yevro hudud — valyuta ittifoqi bo‘lsa, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) — bojxona hududi hisoblanadi (ayrim manbalarda YeOII umumiy bozorga o‘tish bosqichida, deb ham e’tirof etiladi).

Quyidagi rasmda integratsiya jarayonlarining turli bosqichlari batafsil tasvirlangan. Yuqorida aytib o‘tilganidek, YeOII hozirgi kunda bojxona ittifoqi (bosqichida) hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, ittifoqqa a’zo mamlakatlar a’zo bo‘lmagan — uchinchi mamlakatlar uchun bir xil darajadagi boj rejimidan foydalanish majburiyatini oladi.


Manba: theintactone.com

YeOOIga a’zo bo‘lish nimani anglatadi?

O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishi uning tashqi savdoda uchinchi davlatlarga nisbatan tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan bir xil darajada boj yoki to‘siqlarni qo‘llashini anglatadi. Boshqacha aytganda, a’zo mamlakatlar orasida bojxona rejimi deyarli butunlay yo‘qoladi (istisno holatlar mavjud) hamda mamlakatlarning bojxona chegarasi a’zo davlatlar chegarasida shakllanadi. Masalan, muayyan tovar Rossiya bojxonasidan 5 foizlik boj to‘lovi bilan mamlakatga kirib kelsa, demak, boshqa a’zo davlatlar tomonidan shu tovarga nisbatan aynan shu darajadagi boj stavkasi qo‘llaniladi (a’zo mamlakatlar orasida esa savdoga to‘siqlar deyarli mavjud bo‘lmaydi).

Yuqorida keltirilgan fikrlardan anglab olish qiyin emaski, mamlakatimizning YeOIIga kirishi tashkilotga a’zo davlatlar bilan bir xil bojxona rejimiga o‘tishimizni anglatadi. Hozirgi kunda MDH mamlakatlari orasida erkin savdo shartnomasi ham mavjud. Ya’ni MDH mamlakatlari bilan savdo aloqalarimiz erkin savdo munosabatlariga asoslangan. Shunga qaramay, boshqa — uchinchi davlatlarga nisbatan tashqi savdo siyosatimizni mustaqil tanlay olamiz. YeOIIga kirishimiz esa savdo siyosatimiz mustaqil emas, balki tashkilotga a’zo davlatlar bilan kollektiv ravishda tashkil qilinishini anglatadi.

Tashkilotning boshqa davlatlarga nisbatan bojlar darajasi bilan mamlakatimiz qo‘llaydigan bojlar darajasiga e’tibor qaratsak, ko‘rishimiz mumkinki, tashkilotga a’zo bo‘lishimiz O‘zbekistondagi o‘rtacha bojlar darajasini taxminan 2−2,5 barobar pasayishiga sabab bo‘ladi. Bunda a’zo davlatlar bilan savdo hozirgi darajadan keskin erkinlashmaydi, sababi bu davlatlar bilan hozirgi kungacha ham savdo munosabatlarida nisbatan erkin savdo rejimi amal qiladi. Ammo, uchinchi davlatlar — tashkilotga a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan savdo, hozirgi bilan taqqoslaganda, sezilarli darajada erkinlashadi.

YeOIIga a’zo bo‘lishimiz JSTga a’zo bo‘lishimizni orqaga suradimi?

Nazariy jihatdan olib qaralganda, bu ikki tashkilotning biriga a’zo bo‘lishimiz ikkinchisiga a’zo bo‘lishga to‘sqinlik qilmaydi (aslida osonlashtirishi ham kerak). Har ikki tashkilotga a’zo bo‘lish ham savdoning erkinlashishiga sabab bo‘ladi. YeOIIga a’zo 5 ta davlatning 4 tasi JSTga a’zo hisoblanadi. Boshqacha aytganda, ittifoqning tashqi savdo siyosati JSTning talablariga juda yaqin. Lekin, bu tashkilotlarning qay biriga birinchi qo‘shilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Masalan, JSTga birinchi a’zo bo‘lish O‘zbekistonga ko‘proq imkoniyatlar taqdim etishi mumkin. Chunki YeOII tomonidan qo‘llaniladigan aksariyat bojlar mamlakatimizdagi bojlar darajasidan pastroq bo‘lishiga qaramasdan, ba’zi tovarlar uchun (masalan, sut) mamlakatimizdagi bojlar darajasi YeOII bilan taqqoslaganda pastroq. Ya’ni JSTga birinchi a’zo bo‘lish orqali bunday turdagi tovarlar uchun savdo siyosatimizni mustaqilroq saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘lamiz (yoki umumiy ittifoq uchun bu tovarlarga bo‘lgan bojlarni pasaytirish talabini qo‘yishimiz mumkin). YeOIIga birinchi a’zo bo‘lishimiz esa tashqi savdo siyosatimizni ittifoq «qo‘liga topshirish» demakdir, bu esa yuqorida keltirilgan tovarlar uchun chegaradagi to‘siqlar darajasi o‘z-o‘zidan oshishini anglatadi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda bir nechta davlatlar bilan, xususan, Janubiy Koreya bilan erkin savdo shartnomasi tuzish harakatlari amalga oshirilmoqda. Ittifoqqa a’zo bo‘lishimiz esa bunday jarayonlarni qiyinlashtiradi. Chunki ittifoqqa a’zo bo‘lishimiz muayyan davlatning (masalan, Janubiy Koreya) O‘zbekiston bilan erkin savdo shartnomasini imzolashi, ittifoqdagi barcha davlatlar bilan erkin savdo shartnomasining amal qilishini anglatadi. Chunki ittifoq hududida bir xil darajadagi bojxona rejimi amal qiladi. Bunday sharoitda barcha davlatlar chegaralarida savdoga nisbatan bir xil darajadagi to‘siqlar amal qilishi talab etiladi. Aks holda, ittifoq amalda ishlamayotgan hisoblanadi (albatta, istisno holatlar mavjud).

Yuqoridagi holatlardan tashqari, hozirgi beqarorliklarning iqtisodiyotga ta’sirini to‘g‘ri baholash ham muhim ahamiyatga ega.

Hozirgi kunda Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat siyosiy voqeliklar iqtisodiyotga qay darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga yaqqol misoldir. Xususan, Rossiyaning Ukraina suveren hududiga bostirib kirishi ortidan ko‘plab davlatlar tomonidan Rossiyaga nisbatan misli ko‘rilmagan sanksiyalar joriy qilindi. Bunday holat nafaqat Rossiya iqtisodiyotiga, balki ittifoqqa a’zo boshqa davlatlar iqtisodiyotiga ham jiddiy ta’sir qilishi tabiiy. Birgina makroqitisodiy barqarorlik nuqtai nazaridan qaralganda, 24 fevraldan mart oyining birinchi 10 kunligigacha bo‘lgan davrda Rossiya milliy valyutasi bilan bir qatorda ittifoqqa a’zo boshqa davlatlar valyutalarining ham jiddiy qadrsizlanishi kuzatildi. O‘zbekiston esa Rossiyaga iqtisodiy jihatdan kuchli bog‘langan bo‘lishiga qaramasdan, milliy valyutamizning dollarga nisbatan qadrsizlanishi boshqa — ittifoqqa a’zo davlatlar bilan taqqoslaganda ancha yumshoq bo‘ldi. Uzoqroq istiqbolda ham ittifoqqa a’zo davlatlar Rossiya iqtisodiyoti pasayishidan a’zo bo‘lmagan davlatlarga nisbatan ko‘proq zarar ko‘rishi shubhasiz.

Bundan tashqari, hozirgi kunda Rossiya iqtisodiyoti rekord darajadagi savdo profitsitini qayd etishi kutilmoqda. Bu holat bir jihatdan narxi oshib borayotgan energiya resurslaridan tushadigan daromadning oshishi bilan izohlanadi. Ya’ni Yevropa mamlakatlari Rossiyadan keladigan energiya resurslariga juda qattiq bog‘langan hamda urush bo‘lishiga qaramasdan bu resurslarni sotib olishdan (hozircha) voz kechayotgani yo‘q.

Ikkinchi tomondan, hozirgi kunda Rossiya import qilishda turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ta’kidlash joizki, nafaqat Rossiyaga qarshi chiqayotgan davlatlardan, balki betaraf hamda Rossiya tomonida bo‘lgan davlatlardan ham import hajmining keskin qisqarishi kuzatilmoqda. Xususan, mart oyida Rossiyaning Yaponiya, Koreya, Tayvan va kollektiv G‘arb (aniqrog‘i, Ukrainadagi urushga qarshi) mamlakatlaridan importi 53 foizga qisqargan bo‘lsa, betaraf hamda Rossiya tomonida bo‘lgan davlatlardan (Xitoyni qo‘shib hisoblaganda) import hajmi 45 foizga pasaygan.

Bunday holat qaysidir ma’noda Rossiya bilan bitta ittifoqda bo‘lgan davlatlarga tashqi savdo imkoniyatlarini taqdim etishi ham mumkin. Ya’ni Rossiyaning G‘arb bilan aloqarining yomonlashuvi natijasida Rossiya bilan ittifoqdosh mamlakatlar mamlakatdagi qisqargan import o‘rnini to‘ldirish hisobiga o‘z eskportini oshirishi mumkin bo‘ladi.


Manba: theovershoot.co

Boshqa tomondan, hozirgacha savdoga nisbatan sanksiyalar kam darajada qo‘llanildi. Rossiya importining qisqarayotganligi, birinchidan, Rossiya bilan savdo qilishning qiyinlashganligi ortidan yuzgan kelgan bo‘lsa (masalan banklarning SWIFT`dan uzilganligi sababli), ikkinchidan, xususiy korxonalarning o‘zi Rossiya hududida faoliyat yuritishdan, Rossiya bilan savdo qilishdan bosh tortmoqda. Agar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi beqarorlik uzoq vaqt davomida saqlanib qolsa, savdoga bo‘lgan sanksiyalar ham mos ravishda kuchayishi ehtimoldan holi emas. Bu esa faqatgina Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiya emas, balki amalda butun ittifoqqa nisbatan qo‘llaniladigan sanksiya bo‘ladi. Sababi bojxona ittifoqiga kiruvchi davlatlar orasidan faqat bittasiga nisbatan sanksiya kiritish amalda hech qanday natija bermaydi. Bu holda ittifoqqa a’zo boshqa davlat hududiga kirib kelgan tovarlar osongina sanksiya ostidagi davlatga kirib borishi mumkin (re-eksport).

Shunga o‘xshash holat avvalroq Rossiya hamda Belarus o‘rtasida sodir bo‘lgan edi. Rossiya Yevropadan kirib keladigan bir nechta turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining mamlakatga kirib kelishini cheklagan. O‘sha vaqtda ham Rossiya hamda Belarus o‘rtasida bojxona ittifoqi amal qilardi, Rossiya tomonidan kiritilgan cheklovlarga qaramasdan importi cheklangan tovarlar Rossiyaga kirib kelishda davom etgan. Buning asosiy sababi — Rossiya bilan bitta bojxona ittifoqida bo‘lgan Belarusda Yevropadan kirib keladigan bu turdagi mahsulotlarga nisbatan hech qanday cheklov qo‘yilmagan hamda Belarusga kirib kelgan tovarlar osongina Rossiyaga re-eksport bo‘lishni boshlagan. Bu masalada ikki davlat o‘rtasida qator muzokaralar ham o‘tkazilgan.

Umuman olganda, hozirgi globallashuv sharoitida dunyo iqtisodiyotiga integratsiya qilishning ahamiyati juda yuqori. Ayniqsa, biz kabi uzoq vaqt davomida savdoga nisbatan yuqori darajadagi to‘siqlarni saqlab qolgan, nisbatan yopiq mamlakatlar savdo siyosatini o‘zgartirish hamda erkinlashtirish orqali iqtisodiy o‘sishga kuchli rag‘bat berish imkoniga ega bo‘ladi. Savdoni erkinlashtirishni esa hech qanday tashkilotlarga a’zo bo‘lmasdan ham amalga oshirish mumkin (axir tashqi savdo siyosatimizni qanday belgilash o‘z qo‘limizda-ku). Ammo, xalqaro tashkilotlarga, xususan, JSTga a’zo bo‘lish orqali tashqi savdoni erkinlashtirsak, bu qisqa muddatli ehtimoliy yo‘qotish yoki kelajakdagi kutilmagan holatlarning oldini olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Aslida JST yoki YeOIIdan istalgan bittasiga a’zo bo‘lish ikkinchisiga a’zo bo‘lishni osonlashtirishi kerak. Sababi ikkalasidan qay biriga a’zo bo‘lishimizdan qat’i nazar, savdo siyosatimiz hozirgiga qaraganda sezilarli darajada erkinlashadi (siyosiy jihatlarni, albatta, siyosatchilarga qoldiraman). Biroq, ayrim sabablarga ko‘ra, JSTga birinchi a’zo bo‘lish mamlakatimizga ustun mavqe berishi ehtimoli yuqori (erkin savdo shartnomalari ham shu jumladan).

Qayd etish joizki, Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishi, shundog‘am munozarali bo‘lib turgan YeOIIga a’zo bo‘lish masalasining jozibadorligini sezilarli pasaytirib yubordi. Nazarimda, hozirgi beqarorlik davrida tashkilotga a’zo bo‘lish harakatlarini, hech bo‘lmaganda, biroz muddat to‘xtatib turish eng yaxshi pozitsiyalardan biri hisoblanadi. Sababi urushning uzoqroq vaqt davom etishi fonida Rossiya bilan bitta ittifoqda bo‘lishning badali ittifoqdosh mamlakatlar uchun qimmatga tushishi mumkin.

Sanksiyalar, xususan, savdoga nisbatan sanksiyalar ko‘lami ortib borishi bilan, ittifoqqa a’zo boshqa davlatlardan tovarlarni re-eksport qilish amaliyoti avj olishi mumkin. Chunki sanksiya faqat Rossiyaga nisbatan qo‘llanilishi ittifoqqa a’zo boshqa davlatlardagi tadbirkorlarning bunday vaziyatdan foydalanib qolishiga turtki bo‘lishi mumkin. Re-eksport amaliyotining keng qo‘llanilishi esa sanksiyalarning ittifoqqa a’zo boshqa davlatlarga nisbatan ham joriy qilinishiga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitda ittifoqqa a’zo bo‘lib qo‘shilish, shubhasiz, jiddiy yo‘qotishlarga olib keladi. Yuqoridagi fikrlar Rossiya bilan savdo aloqalarini to‘xtatish kerakligini anglatmaydi. Ya’ni hozirgi kungacha ham Rossiya bilan erkin savdo rejimi amal qilgan va mavjud shart-sharoitlarda mazkur rejimni saqlab qolish eng yaxshi pozitsiya bo‘ladi. Rossiya bilan bitta bojxona ittifoqiga qo‘shilishga harakat qilish esa, Ukrainadagi urush va Rossiyadagi iqtisodiy beqarorlik fonida, ko‘ra-bila turib o‘zini «choxga otish» bilan barobardir.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

«Gazeta.uz» kolumnisti, iqtisodchi — Mirkomil Xolboyev.