O‘zbekiston va Koreya Respublikasi hukumatlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi doirasida Seulda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishida koreys tomonidan yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha memorandum va «yo‘l xaritasi"ni imzoladi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Hujjatlar mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishning natijasini baholash, milliy qonunchilikning JST kelishuvlari talablariga mosligi ekspertizasi hamda texnik, konsultativ va manfaatdor vazirlik va tashkilotlarga mutaxassislar ko‘magini berishni ko‘zda tutadi.

Seuldagi muzokaralarda O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi rahbarlari erkin savdo zonalarini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Ikki davlat bozorlariga imtiyozli kirishni ta’minlash zarurligi bo‘yicha prinsipial kelishuvlar amalga oshirildi. Shu yil oxirigacha O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi imtiyozli savdo-sotiq to‘g‘risida ikki tomonlama Kelishuv tayyorlanishi bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhining birinchi uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

O‘zbekistonda tashqi savdodagi hamkorlikning ilg‘or shakllarini joriy etish, tashqi savdo operatsiyalarini o‘tkazish va eksportni rag‘batlantirish bilan bog‘liq tartib-qoidalarning yengillashtirilishi maqsadida tomonlar ilg‘or koreys tajribasi asosida O‘zbekiston Respublikasi elektron savdo Milliy platformasini yaratish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar va mazkur shartnoma ijrosining amalda tadbiq qilinishi bo‘yicha muvofiq «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

«Uztreyd» kompaniyasi KITA Koreys xalqaro savdo assotsiatsiyasi va KTNET bilan O‘zbekistonda elektron savdoni rivojlantirish yuzasidan hamkorlikdagi faoliyatni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilib, memorandum imzolandi.

Koreys bozoriga yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar eksporti hajmini oshirish maqsadida Koreya sanoat texnologiyalari instituti (KITECH) va Koreya nodir metallar instituti bilan O‘zbekistonda Nodir metallar va qotishmalar ilmiy-tadqiqot Markaziga asos solish bo‘yicha shartnoma tuzildi. Mazkur shartnoma sanoat ishlab chiqarish, eksport salohiyatini kengaytirishda yuqori texnologiyalar va ilg‘or koreys tajribasini joriy etishga yo‘naltirilgan ikki tomonlama muzokaralarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Koreya savdo, sanoat va energetika vazirligi bilan hamkorlikda Toshkentda To‘qimachilik o‘quv-tadqiqot texnoparki foydalanishga topshirilgan, shu yilning iyul oyida esa Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbek-Koreys markaziga asos solish bo‘yicha qaror qabul qilingandi.

Ikki taraflama tovar almashinuvi hajmini oshirish va bozorlardagi talabgir mahsulotlarning tizimli yetkazilishini tashkillashtirish maqsadida korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar namoyishi uchun doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi «shou-rumlar"ga ega savdo uylarini ochish borasida ham kelishuvlarga erishildi. Mazkur tashabbusning amaldagi isboti sifatida, «O‘ztreyd» kompaniyasi tomonidan koreys hamkorlar bilan birgalikda Koreyadagi birinchi o‘zbek-koreys savdo uyini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek bir qator hamkorlikdagi eksportga mo‘ljallangan korxonalar tuzilishi bo‘yicha ham shartnomalarga erishildi. Jmladan, Hwachon Plant-Gemco — «Fonon» davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi hududida qimmatbaho zeb-ziynat buyumlari ishlab chiqarilishi; AVID Co. Ltd. — O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki va Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda qimmatbaho zeb-ziynat buyumlari va soatlar ishlab chiqarilishini tashkil etish; Seoul Jewelry Industry Cooperative — «Asaka» banki bilan hamkorlikda qimmatbaho zeb-ziynat buyumlari va soatlar ishlab chiqarilishini tashkil etish; Samsung Steel Co. — «O‘zoziqovqatsanoatxolding» bilan hamkorlikda issiqxonalar ishlab chiqarilishi; Issiqxona ishlab chiqaruvchilari Konsorsiumi va K&G Plus kompaniyasi o‘rtasida issiqxonalar ishlab chiqarish va qurish sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrif doirasida o‘tkazilgan O‘zbek-Koreys biznes-forumining amaliy natijasi sifatida mamlakatlar korxonalari o‘rtasida sarhil va qayta ishlangan sabzavotchilik, to‘qimachilik va charm mahsulotlari, mis va boshqa tovarlarni o‘z ichiga olgan 230 mln dollardan ziyodroq qiymatdagi mahsulotlarning yetkazib berilishini ko‘zda tutuvchi o‘nlab eksport shartnomalari imzolandi. Koreyaga uran yetkazib berilishi bo‘yicha uzoq muddatli shartnoma tuzildi.

O‘zbek sabzavotchilik va to‘qimachilik mahsulotlarini koreys bozoriga yetkazib berish tizimini shakllantirish masalalari bo‘yicha samarali muzokaralar o‘tkazildi, O‘zbekiston hududida Korea Trade Network Co. Ltd., CJ Freshway, Heakwang, CIELIE Co. va bashqa qator shu kabi katta logistika markazlarini yaratish bo‘yicha aniq rejalar muhokama qilindi.

Korean Air kompaniyasi bilan transport va logistika sohasi, shu jumladan, «Navoiy» aeroporti bazasidagi xalqaro intermodal logistika markazining kelajakdagi rivojlanishi va mamlakatlar o‘rtasida tovar almashinuvining oshishida uning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar muhokama qilindi.