Osiyo futbol konfederatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasi 23 yoshgacha O‘zbekiston va Iroq terma jamoalari o‘rtasidagi futbol o‘yinida muxlislar tomonidan tosh otilish holati bo‘yicha qaror chiqardi.

OFK ma’lumotlariga ko‘ra, hakam O‘zbekiston terma jamoasi darvozaboni Abduvohid Ne’matovni o‘yindan chetlatgach, Toshkentdagi «Paxtakor» stadionidagi muxlislar turli xil buyumlarni, shu jumladan toshlarni otishni boshlashgan, shu sababli o‘yin bir necha daqiqa to‘xtatilgan.

Tartib-intizom qo‘mitasi qaroriga binoan, Abduvohid Ne’matov uchta o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi va unga 500 AQSh dollari miqdorida jarima belgilandi.

Bundan tashqari, Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekiston-Yaponiya o‘rtasidagi yarim final bahsiga o‘zbekistonlik muxlislar stadionga kiritilmasligi bo‘yicha qaror qabul qildi. O‘FA esa 50 ming dollar jarima to‘laydi.

Stadionning to‘liq yopilishiga qaramay, Yaponiya terma jamoasining esa 500 nafargacha muxlisiga stadionga kirishga ruxsat beriladi.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi o‘yin vaqtida barcha korridorlar va zinalarning har qanday to‘siqlardan xoli bo‘lishini ta’minlamagan, u joylarda muxlislar o‘tirishgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston stadionga kirgan va bo‘lgan muxlislarning sonini ro‘yxatga olish tizimi joriy qila olmaganligi qayd etilgan.

OFKning ta’kidlashicha, musobaqa mezboni stadionga kirish eshiklariga faqat chiptalari borlarni qo‘yishni tashkillashtira olmagan, shuningdek, oxirgi tekshiruvni o‘tkaza olmagan va muxlislarning taqiqlangan buyumlarni stadionga olib kirishining oldini ololmagan.

Eslatib o‘tamiz, 11 iyun kuni 23 yoshgacha o‘yinchilar orasida O‘zbekiston futbol terma jamoasi Iroq jamoasi ustidan penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi — 2:2 (3:2).

O‘zbekiston va Iroq yoshlari o‘rtasidagi o‘yin davomida muxlislar tosh otishdi. Natijada fotograf va operator jarohatlandi. Iroq terma jamoasi bosh murabbiyi, o‘yinni to‘xtatish kerak bo‘lganligini ta’kidladi. «Muxlislar bizga tosh otishdi. Mening OFK ga savolim bor: Bu normal holatmi?», — degan edi u.

Toshkent shahar IIBB 47 kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. 19 nafar muxlislar ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Qolganlar bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda.

Sevimli telekanali O‘zbekiston-Iroq o‘yinini suratga olgan operatorining bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklanganligini ma’lum qildi. Xodimlar keyin ulardan uzr so‘rab, holat haqida xabar berishmasliklarini so‘rashgan. O‘zbekiston IIV Sevimli operatori stadionga kirishga uringan olomon janjali vaqtida jarohat olganligini ta’kidladi.